23-modda. Bitim boʻyicha huquq va majburiyatlarning boshqa shaxsga oʻtkazilishi
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Agar boshqa shaxs bitim boʻyicha ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan moliyaviy va texnikaviy resurslarga hamda boshqaruv faoliyatida tajribaga ega boʻlsa, investor bitim boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini faqat davlatning roziligi bilan toʻliq yoki qisman shu shaxsga oʻtkazish huquqiga ega.
Bitim boʻyicha huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish bitimning ajralmas qismi boʻlgan dalolatnoma tuzish orqali, bitimda belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi, bunda yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish mazkur dalolatnoma imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida amalga oshiriladi.
Davlatning roziligi bilan investor oʻziga tegishli mol-mulkdan va (yoki) mulkiy huquqlardan bitimni ijro etish munosabati bilan tuziladigan shartnomalar boʻyicha oʻz majburiyatlarini taʼminlash uchun qonunchilikning talablariga rioya etgan holda garov sifatida foydalanishi mumkin.
Agar bitimda investor sifatida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan yuridik shaxslar birlashmasi ishtirok etayotgan boʻlsa, bunday birlashma ishtirokchilari bitim boʻyicha solidar huquqlarga ega boʻladilar va ularning zimmasida solidar majburiyatlar boʻladi.
