15-modda. Mahsulot taqsimoti
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulot davlat bilan investor oʻrtasidagi bitimga muvofiq taqsimlanmogʻi lozim boʻlib, bitimda:
qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning umumiy hajmini va uning qiymatini aniqlash;
qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning kompensatsiya mahsuloti sifatida investorga mulk qilib beriladigan qismini (shu jumladan uning eng yuqori yoki eng past miqdorini) aniqlash;
qidirish ishlarining va yer qaʼri uchastkasini boshqacha tarzda tadqiq etishning natijalarini investorga foydalanishga berishga qilgan xarajatlarini qoplash uchun qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning davlatga beriladigan qismini aniqlash;
foydaga qolgan mahsulotni (bunday deganda qazib olingan yoki ishlab chiqarilgan mahsulotning ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun toʻlovlarni toʻlashga ishlatiladigan bir qismi, kompensatsiya mahsuloti, shuningdek davlat tomonidan qilingan xarajatlarini qoplash uchun davlatga beriladigan bir qismi chegirilganidan keyingi holati tushuniladi) taqsimlash;
qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning davlatga tegishli qismini yoki shu bahodagi ekvivalentini unga berish;
qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning investorga tegishli qismini yoki shu bahodagi ekvivalentini unga berish shartlari va tartibi nazarda tutilishi kerak.
