10-modda. Bitimni tuzish tartibi
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Bitim taraflar belgilagan muddatlarda, biroq ochiq kim oshdi savdolari natijalari eʼlon qilinganidan yoki investor bilan oʻtkazilgan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qabul qilganidan keyin bir yildan kechiktirmay tuziladi.
Yer qaʼridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va har bir yer qaʼri uchastkasi boʻyicha investor bilan tuziladigan bitimning loyihasini koʻrib chiqish maxsus davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Maxsus davlat komissiyasining tarkibi va ishlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bitim loyihasini tayyorlash chogʻida vakolatli davlat organi yoki vakil qilingan kompaniya tomonidan investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi. Investorlar investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda ishtirok etish yoki oʻz variantini ishlab chiqish huquqiga egadirlar.
Ochiq kim oshdi savdolari shartlarini ishlab chiqish, investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslarini tuzish va bitimni tayyorlash bilan bogʻliq ishlar bitimni amalga oshirishdan olingan mablagʻlarning bir qismi hisobidan kompensatsiya asosida moliyalashtiriladi.
Bitimni imzolash toʻgʻrisidagi qaror davlat nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Zarurat boʻlgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bitimni tuzish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, lekin bu muddat olti oydan oshmasligi kerak.
