41-modda. Notoʻgʻri toʻlangan soliqlarni budjetga undirib olish va budjetdan qaytarib berish tartibi
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida (225-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Belgilangan muddatlarda toʻlanmagan soliqlarning summalari, shuningdek yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) daromad soligʻi summalari yoki soliq solinadigan boshqa yashirilgan obyekt uchun soliq summasi hamda daromadni yashirganlik (kamaytirib koʻrsatganlik) va soliq solinadigan obyektni yashirganlik uchun jarima soliqlar toʻlashdan bosh tortib yurilgan butun davr uchun soliq idoralarining koʻrsatmasiga muvofiq qatʼiy tarzda undirib olinadi.
Oʻz vaqtida toʻlanmagan soliq summasi kechiktirilgan har bir kun (toʻlangan kunni ham qoʻshib hisoblanganda) uchun toʻlanmagan qarz summasiga 0,2 foiz miqdorida penya qoʻshib hisoblab, budjetdan qarzdor boʻlingan butun davr uchun undirib olinadi.
11. Xoʻjalik yurituvchi subyektning joriy hisobvaragʻida budjet oldidagi kreditorlik qarzini uzishi uchun pul mablagʻlari boʻlmagani taqdirda soliq organlari soliqlar va budjetga toʻlovlar boʻyicha undiruvchi qarzdor korxona mol-mulkiga qaratish huquqiga egalar.
2. Ushbu Qonunning 37 va 38-moddalarida koʻrsatib oʻtilgan ajnabiy yuridik shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq summasi daromadlarni toʻlaydigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan budjetga oʻtkazilmagan taqdirda ajnabiy daromad oluvchiga qaysi davr uchun daromad toʻlaganligidan qatʼi nazar, budjet bilan hisob-kitob qilingandan keyin ana shu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ixtiyorida qoladigan mablagʻlardan qatʼiy tarzda undirib olinadi.
3. Soliqlar notoʻgʻri hisoblab chiqilishi yoki undirib olish sohasida belgilab qoʻyilgan tartib buzilishi natijasida ortiqcha tushgan soliqlar boʻyicha toʻlovlar summasi qaytarib berilishi yoki, ular tushgan kundan boshlab bir yil muddat oʻtmagan boʻlsa, soliq toʻlovchidan olinishi kerak boʻlgan boshqa toʻlovlar oʻrniga oʻtkazilishi kerak.
Ortiqcha tushgan summani qaytarib berish haqida ariza topshirish mazkur muddat oʻtishini toʻxtatib qoʻyadi.
Notoʻgʻri toʻlangan soliqlarni budjetdan qaytarib berish notoʻgʻri toʻlov aniqlangandan avvalgi koʻpi bilan 1 yil uchun amalga oshiriladi.
