40-modda. Toʻlovchilarning javobgarligi
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida (225-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Soliqlarni toʻgʻri hisoblab chiqarish, ularni budjetga toʻliq va oʻz vaqtida toʻlash, soliq solishga doir amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilish uchun javobgarlik soliq toʻlovchilar va ularning mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatiladi.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan, soliq toʻlash uchun oʻrnatilgan muddatda tegishli hisobot davri uchun belgilab qoʻyilgan shaklda buxgalterlik hisobotlari va balanslariga, soliqlar boʻyicha hisob-kitoblariga ega boʻlmagan soliq toʻlovchilar oldingi hisobot davri uchun hisoblab chiqarilgan soliq summasining 110 foizi miqdorida soliq toʻlaydilar.
Aytib oʻtilgan hujjatlar taqdim etilganidan keyin, amalda olingan foydaga (daromadga), soliq solinadigan oborotga va soliq solishning boshqa obyektlariga asoslanib, qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy jazolar va maʼmuriy jarimalar qoʻllanilgan holda soliq qaytadan hisoblab chiqariladi.
Soliq toʻlovchilar, mansabdor shaxslar daromad yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarning hisobi yoʻqligi, bunday hisob belgilangan tartibni buzib olib borilganligi, shuningdek soliq organlariga soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash uchun kerakli hisobotlarni, hisob-kitoblarni hamda boshqa hujjatlarni umuman yoki oʻz vaqtida taqdim etmaganlik, foydani (daromadni) yoki boshqa soliq solish obyektlarini yashirganlik (kamaytirib koʻrsatganlik) uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Soliq toʻlovchi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning summalari budjetga umuman yoki toʻliq toʻlanmaganligiga sabab boʻlgan xatolarni soliq organi tekshirgunga qadar mustaqil aniqlab, buxgalterlik hisobotlari hamda soliqlar va toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblarga belgilangan tartibda tuzatishlar kiritgan taqdirda, moliyaviy jazolar qoʻllanilmaydi”.
