12-modda. Soliq solinadigan bazani kamaytirish
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida (225-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Soliq solish bazasi quyidagi summaga kamaytiriladi:
ijtimoiy soha obyektlarini saqlash boʻyicha mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan normativlarga (smetalarga) muvofiq amalga oshiriladigan xarajatlar summasiga;
tabiatni qoʻriqlash tadbirlarini amalga oshirishga qilinayotgan xarajatlarning 30 foiziga:
ekologiya, sogʻlomlashtirish va oʻzga xayriya jamgʻarmalariga kiritilgan badallar, ijtimoiy soha muassasalari va tashkilotlariga qilinadigan ajratmalar summasiga, lekin soliq solinadigan foydaning (daromadning) koʻpi bilan 1 foiziga;
diniy va jamoat birlashmalarining (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va harakatlardan tashqari), xayriya jamgʻarmalarining mulki boʻlgan korxonalar foydasidan ana shu tashkilotlar ustav faoliyatini amalga oshirishga qaratiladigan ajratmalar summasiga;
korxonalar investitsiyalarga yoʻllaydigan, shuningdek investitsiyalarni amalga oshirish uchun olingan kreditlarni uzishga sarflaydigan mablagʻlar summasiga.
Ushbu moddaga muvofiq beriladigan soliqqa doir imtiyozlarni eʼtiborga olgan holda foydaga (daromadga) solinadigan soliqning umumiy summasi imtiyozlarni hisobga olmasdan hisoblab chiqarilgan hisob-kitob summasining 50 foizidan kam boʻlmasligi lozim.
