10-modda. Yangi tuzilgan korxonalar uchun imtiyozlar
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida (225-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Yangi tashkil etilgan korxonalar (birjalar, tayyorlov, ulgurji, taʼminlovchi-sotuvchi, vositachi va savdo-tijorat korxonalaridan tashqari) tashkil topgan (roʻyxatdan oʻtkazilgan) paytdan eʼtiboran birinchi yili belgilangan stavkaning 25 foizi miqdorida va ikkinchi yili 50 foizi miqdorida soliq toʻlaydilar.
Ushbu imtiyoz avval amal qilib turgan korxonalar, ularning filiallari va tarmoq boʻlinmalari asosida tuzilgan korxonalar uchun, shuningdek korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar huzurida tuzilgan boʻlib, ulardan ijaraga olingan uskunalar yordamida ishlayotgan korxonalarga taalluqli emas.
Korxona faoliyati uch yillik muddat oʻtmay turib toʻxtatilgan taqdirda soliq summasi uning butun faoliyat davri uchun toʻla miqdorda hisoblanadi.
Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida turistik faoliyat bilan shugʻullanuvchi yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar, tashkil etilgan paytdan boshlab dastlabki foyda olgunga qadar boʻlgan davrda, ammo davlat roʻyxatidan oʻtgan paytidan eʼtiboran uzogʻi bilan uch yil muddatga daromad (foyda) soligʻini toʻlashdan ozod etiladilar.
Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida turistik faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar daromad (foyda) olingan birinchi yili daromad (foyda) soligʻining 50 foizini, ikkinchi yili — 75 foizini, uchinchi yilidan boshlab — 100 foizini toʻlaydilar.
Davlat-aksionerlik ipoteka banki roʻyxatdan oʻtgan paytidan eʼtiboran besh yil mobaynida daromad (foyda) soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi;
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hamda Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondi ular davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan eʼtiboran besh yil davomida daromad (foyda) soligʻini toʻlashdan ozod etiladilar.
