Davlat havo kemalari parvozlari xavfsizligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
04.09.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Qozogʻiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Qozogʻiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi,
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida 31-oktabr 1998-yilda imzolangan abadiy doʻstlik toʻgʻrisida Shartnoma qoidalariga rioya qilgan holda,
ishlatilayotgan aviatsiya parkining bir turdaligini va parvozlar xavfsizligi ahvolidan tashvishlanishning umumiyligini, aviatsiya hodisalarining oldini olish boʻyicha tadbirlar samaradorligini oshirishni eʼtiborga olib,
aviatsiya hodisalari va aviatsiya insidentlariga nisbatan qoʻllanilayotgan tekshirish va oldini olish tizimlariga oʻzaro ishonch prinsiplariga asoslanib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi davlat havo kemalarining aviatsiya hodisalari va aviatsiya insidentlarini tekshirish va ular toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etish tartiblarini takomillashtirishdan oʻzaro manfaatdorlikni tan olib,
oʻz munosabatlarini doʻstlik va sheriklik ruhida qurishga intilishni tasdiqlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun qoʻllanilgan atamalar quyidagilarni anglatadi:
“aviatsiya hodisasi” — davlat havo kemasining parvozda ekspluatatsiya qilinishi vaqtida uning bortidagi shaxs halok boʻlishi (yoki oʻlimga olib kelgan tan jarohati olishi), hamda (yoki) havo kemasining yoʻqolishi bilan bogʻliq voqea;
“aviatsiya insidenti” — davlat havo kemasining parvozda ekspluatatsiya qilinishi vaqtida havo kemasining butligiga yoki uning bortidagi odamlarning hayotiga tahdid solishi mumkin boʻlgan yoki tahdid solgan, lekin aviatsiya hodisasi bilan tugallanmagan voqea;
“davlat havo kemasi” — harbiy, chegara, militsiya, bojxona va boshqa davlat xizmatini, va shuningdek safarbarlik — mudofaa vazifalarini bajarish uchun foydalaniladigan havo kemasi;
“jiddiy aviatsiya insidenti” — davlat havo kemasi bortida boʻlgan shaxslarning birontasining boʻlsa ham sogʻligʻiga ziyon yetkazgan vaziyat yoki aviatsiya voqeasi yuz berishiga oz qolganini koʻrsatadigan aviatsiya insidenti;
“davlat havo kemasiga zarar yetkazgan jiddiy aviatsiya insidenti” — shunday aviatsiya insidentiki, unda shikast yetgan havo kemasini qayta tiklash mumkin va bu iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻladi.
2-modda
Tomonlar davlatlari havo kemalari parvozlari xavfsizligi masalalari boʻyicha hamkorlikni teng huquqlilik, sheriklik va oʻzaro manfaatdorlikni hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiradilar.
3-modda
Ushbu Bitimni bajarish uchun quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Birlashgan shtabining Parvozlar xavfsizligi boshqarmasi;
Qozogʻiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan — Qozogʻiston Respublikasi Havo kuchlari mudofaasi parvozlari xavfsizligi va Davlat aviatsiyasi xizmati.
Vakolatli organlarning nomlaridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlariga yozma ravishda maʼlum qiladilar.
4-modda
Tomonlar oʻz vakolatli organlari orqali:
aviatsiya hodisasi sodir boʻlgandan keyin bir sutka davomida, uning sabablari toʻgʻrisida tekshiruv tugatilganidan keyin 5 sutka davomida oʻzaro xabarlashadilar;
davlat havo kemasiga zarar yetkazgan jiddiy aviatsiya insidenti toʻgʻrisida u aniqlangan kundan keyin 5 sutka, uning sabablari toʻgʻrisida tekshiruv tugatilganidan keyin 15 sutka davomida bir-birlariga axborot beradilar;
bir-birlariga har yarim yilda aviatsiya hodisalari va jiddiy aviatsiya insidentlari boʻyicha axborotnomalar taqdim etadilar;
bir-birlariga parvozlar xavfsizligi boʻyicha profilaktika ishi oʻtkazishdan metodik materiallar taqdim etadilar;
harbiy hamkorlik doirasida boshqa Tomon oʻtkazayotgan parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar (parvozlar xavfsizligi boʻyicha konferensiyalar, parvoz ishini tashkil qilish boʻyicha yigʻilishlar, uslubiy yigʻilishlar va hokazolar)da qatnashadilar;
parvozlar xavfsizligi sohasida profilaktika ishi oʻtkazishdan tajriba oʻrganish/almashish maqsadida mutaxassislardan iborat delegatsiyalar almashinadilar.
Davlat havo kemalari bilan sodir etilgan aviatsiya hodisalari va jiddiy aviatsiya insidentlari toʻgʻrisidagi maʼlumot almashish rus tilida amalga oshiriladi.
Oʻzaro axborot almashish tartibi alohida bayonnoma bilan belgilanadi, hamda mazkur bayonnoma ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
5-modda
Ikki tomonlama har xil yoʻnalishdagi oʻquv mashqlari oʻtkazilayotganda parvozlar xavfsizligi talablariga rioya qilinishini qoʻshma nazorat guruhi nazorat qiladi.
Qoʻshma nazorat guruhini tuzish va uning ishlash tartibi alohida bayonnoma bilan belgilanadi, hamda mazkur bayonnoma ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
6-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining yoki Qozogʻiston Respublikasining davlat havo kemalarida sodir etilgan aviatsiya hodisalari va aviatsiya insidentlarini ikki davlat aviatsiya personali jalb etilgan qoʻshma komissiyalar ishtirokida oʻz davlatlarining milliy qonunchilik asosida tekshiradilar.
Qoʻshma komissiya tuzish qoidalari, uning faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari hamda mazkur aviatsiya hodisalari va aviatsiya insidentlarini tekshirish tartibi alohida bitim bilan belgilanadi.
7-modda
Agarda har bir aniq holat boʻyicha boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Tomonlar ushbu Bitim qoidalarini bajarishdan kelib chiqadigan barcha xarajatlarni oʻzlari qoplaydilar.
8-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida tuzilgan maxfiy axborotni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi Bitimga va Tomonlar milliy qonunlariga muvofiq tegishli maʼlumotlarni beradilar va ularning himoyasini taʼminlaydilar.
Maxfiy axborot Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi qonunlariga muvofiq beriladi. Maxfiy axborot berish faktlari Tomonlarning vakolatli organlari bayonnomalarida qayd etiladi.
Beriladigan maxfiy axborotga Tomonlarning vakolatli organlari cheklangan belgi qoʻyadilar:
Oʻzbekiston Respublikasida — “Xizmatda foydalanish uchun”;
Qozogʻiston Respublikasida — “Xizmatda foydalanish uchun”.
Tomonlardan birining maxfiy axborotni qabul qilgan vakolatli organi uni oʻz davlatining qonunlariga muvofiq himoya qiladi. Bu axborot uni bergan Tomonning roziligisiz uchinchi Tomonga berilishi mumkin emas.
9-modda
Tomonlar oʻzaro roziligi bilan ushbu Bitimga, ushbu Bitimning uzviy qismi hisoblanuvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq bahsli masalalar Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil muddatga tuziladi. Uning amal qilishi, agar Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish niyati borligi toʻgʻrisida muddat tugashidan kamida yarim yil oldin boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi bir yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayadi.
Ostona shahrida, 2006-yil 4-sentabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Qozoq va oʻzbek tilidagi matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
