3-modda. Asosiy tushunchalar
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (118-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
abonentlik pochta javoni — turar joy binosining kirish yoʻlagi (vestibyuli)da, shuningdek xat-xabarlar va davriy nashrlar yetkaziladigan uchastkada adresatlarning yozma xat-xabarlar va davriy nashrlarni olishlari uchun oʻrnatiladigan, qulflanadigan qutichalardan iborat maxsus javon;
adresat — pochta joʻnatmasi, pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasi, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar yoʻllangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yozma xat-xabarlar — oddiy, buyurtma va qimmatli xatlar, banderollar, oddiy va buyurtma pochta varaqchalari hamda sekogrammalari (koʻzi ojizlar uchun), shuningdek mayda paketlar;
milliy operator — pochta aloqasi milliy operatori, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida universal xizmatlarni majburiy ravishda koʻrsatish vazifasi yuklatilgan operator;
nomli buyum — hujjatlar va pochta joʻnatmalariga pochta aloqasi obyektining nomi, pochta joʻnatmasi qabul qilingan va yetkazilgan sana hamda boshqa maʼlumotlardan iborat tamgʻa tushiruvchi qurilma;
operator — pochta aloqasi operatori, yaʼni mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida pochta aloqasi tarmogʻiga egalik qiluvchi va pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
pochta aloqasi — pochta joʻnatmalarini, shuningdek pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini joʻnatish (qabul qilish, ishlov berish, tashish, oʻtkazish)ni va yetkazib berish (topshirish)ni taʼminlovchi texnik va transport vositalarining yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuini oʻzida mujassamlashtirgan aloqa turi;
pochta aloqasi vositalari — pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish uchun foydalaniladigan asbob-uskunalar, texnika va transport vositalari, shuningdek, pochta konvertlari, varaqchalari va idishlar;
pochta aloqasi obyektlari — pochta aloqasi operatorlarining alohida boʻlinmalari, yaʼni pochtamtlar, pochta aloqasi uzellari, boʻlimlari va punktlari, shuningdek, temir yoʻl stansiyalari va aeroportlar qoshidagi pochta almashish punktlari;
pochta aloqasi tarmogʻi — pochta aloqasi obyektlari va pochta yoʻnalishlari majmui;
pochta aloqasi xizmatlari — operator yoki provayderning pochta joʻnatmalarini, shuningdek pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini joʻnatish boʻyicha faoliyati;
pochta joʻnatmalari — manzili koʻrsatilgan yozma xat-xabarlar, posilkalar, toʻgʻri joʻnatiluvchi pochta konteynerlari va tegishlicha oʻrovdagi bosma nashrlar;
