25-modda. Umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi tarmogʻi orqali pochta joʻnatmalarini yuborishdagi cheklovlar
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (118-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi tarmogʻi orqali pochta joʻnatmalari yuborishda cheklovlar belgilanishi mumkin boʻlib, ularning roʻyxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Operator va provayderlar joʻnatilishi taqiqlangan joylanmasi bor pochta joʻnatmalarini ushlab qolish, shuningdek, joylanmasi boshqa pochta joʻnatmalarining buzilishi (shikastlanishi)ga olib keluvchi, operator va provayderlarning xizmatchilari yoki uchinchi shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga xavf soladigan (bu xavfni boshqa yoʻl bilan bartaraf etib boʻlmaydigan) hollarda, pochta joʻnatmalarini yoʻq qilib tashlash yoki yoʻq qilib tashlashga ruxsat berish huquqiga egadir.
Umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi tarmoqlari orqali joʻnatish taqiqlangan buyum, ashyo va materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida yuborilayotgan pochta joʻnatmalaridan olib qoʻyish, shuningdek ularni yoʻq qilib tashlash tartibi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Qonun hujjatlarida belgilangan vakolat doirasida faoliyat yuritadigan yuridik shaxslardan joylanmasi davlat siriga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar va buyumlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, ulardan yasalgan buyumlar, Oʻzbekiston Respublikasi pul belgilari, chet el valyutasidan iborat pochta joʻnatmalarini qabul qilish, shuningdek ularni tashish va yetkazib berish maxsus moʻljallangan pochta aloqasi korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
