21-modda. Pochta aloqasining transport vositalaridan foydalanish
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (118-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Operator va provayderlar pochta joʻnatmalari va pul mablagʻlarini tashish uchun oʻzlariga tegishli boʻlgan transport — pochta vagonlari, avtomobillardan, shuningdek shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transportdan foydalanadi.
Operator va provayderlar pochta joʻnatmalari va pul mablagʻlarini tashish uchun foydalanadigan transport vositalari qonun hujjatlariga muvofiq maxsus farqlash belgilariga ega boʻlishi mumkin.
Operator va provayderlarning pochta joʻnatmalari va pul mablagʻlarini tashish uchun foydalanadigan transport vositalari ularning roziligisiz boshqa ishlarni bajarish uchun foydalanilishi va olib qoʻyilishi mumkin emas.
Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchi hamda yuklarni muntazam tashuvchi temir yoʻl, havo va avtomobil transportining xoʻjalik yurituvchi subyektlari operator va provayderlar bilan pochta joʻnatmalari va pul mablagʻlarini tashish yuzasidan shartnomalar tuzishni rad etishga haqli emaslar.
Operator va provayderlarning pochta joʻnatmalari va pul mablagʻlarini tashish uchun foydalanadigan transport vositalari shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va boshqa aholi punktlarining barcha koʻchalari boʻylab, avtomobil yoʻllarida hech qanday cheklanishsiz yurish hamda avtomobil, temir yoʻl vokzallari va aeroportlar qoshida joylashgan pochta aloqasi obyektlariga, yuk (bagaj) majmualariga kirish huquqiga ega.
