16-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (118-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanish;
oʻz huquq va majburiyatlari, pochta qoidalari, koʻrsatilayotgan xizmatlar va ularga doir tariflar haqidagi axborotlardan erkin foydalana olish;
oʻz pochta manzili boʻyicha, yoʻqlab olish tarzida yoki abonentlik pochta javoni qutilaridan foydalangan holda pochta joʻnatmalarini va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini olish;
kelgan pochta joʻnatmalari yoki pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini olishdan bosh tortish;
qiymati eʼlon qilingan pochta joʻnatmasi joylanmasining bahosini mustaqil ravishda belgilash;
operator va provayderlar tomonidan oʻz vaqtida hamda sifatli xizmat koʻrsatilishi;
xizmat koʻrsatilmaganligi yoki lozim darajada sifatli xizmat koʻrsatilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning toʻlanishi, maʼnaviy ziyonning qoplanishiga erishish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish.
Foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
