Standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
25.01.2007
Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan Singapur Standartlar, ishlab chiqarish va innovatsiya kengashi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan Singapur Standartlar, ishlab chiqarish va innovatsiya kengashi, (bundan keyin birgalikda “Tomonlar” va alohida holda “Tomon” deb ataluvchilar);
savdo hamda sanoatdagi toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida xalqaro huquq normalariga muvofiq standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohasida hamkorlikni rivojlantirishni koʻzlab;
atrof-muhitni muhofaza qilish, inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizlikni taʼminlashning muhimligini anglab;
ikki mamlakatning qonun-qoidalari doirasida ikki mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini oshirishga intilib;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar, mazkur Bitim va oʻz davlatlari qonun-qoidalari, standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohasida quyidagilarni qamrab olgan qoʻshimcha bitim, bayonnoma va dasturlardan kelib chiqqan holda hamkorlik qilishga ahdlashib oldilar:
(a) ilmiy va texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashish va savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish uchun milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirishni taʼminlash;
(b) davlatlararo taʼminlanadigan mahsulotlarning meʼyoriy hujjatlarini uygʻunlashtirish boʻyicha hamkorlikda faoliyat koʻrsatish;
(c) fizik kattaliklar uchun milliy va ishchi etalonlarni ishlab chiqish, takomillashtirish va solishtirish boʻyicha birgalikda faoliyat koʻrsatish.
2-modda
Tomonlar quyidagilarni almashishga kelishdilar:
(a) standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohasida meʼyoriy hujjatlar, axborotlar va davriy nashrlarni,
(b) milliy standartlarni tayyorlash uchun milliy standartlar, normalar va protseduralari kataloglarini,
(c) akkreditatsiyalash boʻyicha umumiy axborot va nashrlarni,
(d) standartlashtirish va metrologiya sohasida mutaxassislarni oʻqitish va malakasini oshirish boʻyicha maʼlumot hamda materiallarni.
3-modda
Tomonlar xalqaro normalar (standartlar) va qoidalarga asoslangan holda muvofiqlikni baholashda akkreditatsiya tizimini takomillashtirishga koʻmaklashadilar.
Tomonlar muvofiqlikni baholash (akkreditatsiya) doirasida oʻtkaziladigan ilmiy anjumanlar, seminarlar va amaliy treninglarda oʻzaro hamkorlik qiladilar.
4-modda
Tomonlar mahsulotni roʻyxatga olish borasida doimiy ravishda hamkorlikni yuritishga kelishdilar. Aynan shu maqsadda Tomonlar tarafidan oʻzaro tan olingan protseduralarga asosan ularning mamlakatlarida amal qilayotgan, majburiy sertifikatlashtirish lozim boʻlgan mahsulotlar roʻyxati toʻgʻrisida bir-birlarini oʻz vaqtida xabardor qiladilar.
5-modda
(1) Tomonlar, mazkur Bitim doirasida olib borilgan ish faoliyatida qabul qilib olingan hujjat va tegishli maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlaydilar;
(2) Tomonlar erishilgan ilmiy-texnikaviy natijalarning maxfiyligini taʼminlaydilar, agar boshqa Tomon yozma ravishda xabardor qilingan boʻlsa;
(3) Hamkorlik davomida Tomonlardan biri olgan ilmiy-texnikaviy axborot uchinchi tomonga faqat ushbu axborot bergan Tomonning yozma ravishdagi roziligi bilangina berilishi mumkin.
6-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya boʻyicha turli xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qiladilar, Tomonlardan biri ikkinchi Tomon aʼzo hisoblanadigan xalqaro tashkilotlarda qatnashish yoki ularga aʼzo boʻlishda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohalarida oʻzlarining imkoniyatlarini muvofiqlashtirish va ikkala Tomonning xalqaro faoliyatdagi mavqeyini oshirish maqsadida standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya boʻyicha xalqaro tashkilotlar doirasida uzviy hamkorlik qiladilar.
8-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohalarida tajriba almashish maqsadida mutaxassislarga maslahat berish va oʻqitish boʻyicha delegatsiyalar, mutaxassislar almashinuvini tashkil qiladilar.
9-modda
Mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin qilishda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar oʻzaro Tomonlarning maslahatlashuvlari va muzokaralari orqali hal qilinadi.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin, bunda bayonnomalar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanishi kerak.
11-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uchinchi mamlakatlar bilan standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohalarida imzolangan bitimlarga taʼsir qilmasligi lozim.
12-modda
Mazkur Bitimning talablari bajarilishining moliyaviy shartlari Tomonlarning oʻzaro kelishuvida amalga oshirilishi kerak.
13-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Tomonlar mazkur Bitimning amal qilishini boshqa tomonga yozma ravishda xabardor qilib toʻxtatishi mumkin. Mazkur Bitim boshqa Tomondan yuqorida keltirilgan xabarni olgan kunidan keyin 3 oydan soʻng kuchini yoʻqotadi.
Singapur shahrida 2007-yil 25-yanvarda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha tildagi matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlganda ingliz tilidagi matni ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
