37-modda. Majburiy sugʻurta boʻyicha majburiyatning transport vositalari egalari tomonidan bajarilishini nazorat qilish
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Ushbu Qonunda belgilangan majburiy sugʻurta boʻyicha majburiyatning transport vositalari egalari tomonidan bajarilishini nazorat qilish transport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishda (qayta oʻtkazishda), ularning majburiy texnika koʻrigini tashkil etishda va yoʻl harakati qoidalariga, shuningdek yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilishga doir boshqa vakolatlarni amalga oshirishda davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Transport vositasi haydovchisi oʻz yonida sugʻurta polisini olib yurishi va uni tekshirish uchun qonunchilikka muvofiq bunga vakolatli boʻlgan davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga koʻrsatishi shart, bundan haydovchining yonida Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar organlari yoxud konsullik muassasalari tomonidan berilgan biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi mavjud boʻlgan hollar mustasno.
Chet davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalarining egalari tomonidan majburiy sugʻurta boʻyicha ushbu Qonunda belgilangan majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati amalga oshiradi.
