33-modda. Kuzatuv kengashi
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Kuzatuv kengashi Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Kuzatuv kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Kuzatuv kengashiga rais boshchilik qiladi.
Kuzatuv kengashining majlislari kengash raisi yoki kuzatuv kengashi aʼzolarining kamida uchdan bir qismi tomonidan zaruriyatga koʻra, biroq yilning har choragida kamida bir marta chaqiriladi.
Kuzatuv kengashi, agar majlisda aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, qarorlar qabul qilishga vakolatlidir. Kuzatuv kengashining qarori, agar uni majlisda hozir boʻlganlarning kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi.
Kuzatuv kengashi:
sugʻurtalovchilarning kalendar muddatlarda toʻlanadigan badallari stavkalarini, kalendar muddatlarda toʻlanadigan badallarning eng yuqori summalarini, badallarni hisob-kitob qilish tartibini va toʻlash muddatlarini tasdiqlaydi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda agent bankni tanlaydi;
Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasining mablagʻlarini davlat qimmatli qogʻozlari va boshqa aktivlarga joylashtirish yuzasidan qaror qabul qiladi;
Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasining mablagʻlaridan foydalanish tartibini, shu jumladan joriy faoliyatga doir xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasining ijro etuvchi organini shakllantiradi va uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
auditorlik tashkilotini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
