32-modda. Sugʻurtalovchilarning Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga toʻlaydigan majburiy badallari
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Bir yoʻla va kalendar muddatlarda toʻlanadigan badallar sugʻurtalovchilarning Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga toʻlaydigan majburiy badallaridir.
Sugʻurtalovchining Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga bir yoʻla toʻlaydigan badali miqdori Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga badalni toʻlash kunidagi, qonunchilikda belgilangan sugʻurtalovchi ustav fondi eng kam miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
Kalendar muddatlarda toʻlanadigan badal sugʻurtalovchilar tomonidan Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga yilning har choragida oʻtkaziladigan pul mablagʻlaridan iborat boʻladi. Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi kalendar muddatlarda toʻlanadigan badal miqdorini sugʻurtalovchi tuzgan majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha jami sugʻurta summasining yilning hisobot choragidagi oʻsishi hajmidan kelib chiqib, maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda belgilaydi.
Sugʻurtalovchilar tomonidan kalendar muddatlarda toʻlanadigan badallarni toʻlash kalendar muddatlarda toʻlangan badallar summasi majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha jami sugʻurta summasidan kelib chiqib, maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi tomonidan belgilangan miqdorga yetganda toʻxtatiladi. Majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha jami sugʻurta summasining miqdori oʻzgarganda, sugʻurtalovchi tomonidan Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga kalendar muddatlarda toʻlangan badallar summasi qaytadan hisob-kitob qilinishi kerak.
Kalendar muddatlarda toʻlanadigan badal stavkasi oʻzgargan taqdirda, Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi bu haqda sugʻurtalovchilarga keyingi toʻlov muddatidan kamida oʻttiz kun oldin xabar qilishi shart.
Sugʻurtalovchilarning Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga toʻlaydigan majburiy badallari ularning koʻrsatilayotgan xizmatlar tannarxiga kiritiladigan xarajatlariga tegishli boʻladi.
