12-modda. Sugʻurta mukofoti
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchiga sugʻurta mukofotini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlashi shart. Sugʻurta mukofoti sugʻurta tariflari bazaviy stavkalari va koeffitsiyentlarining koʻpaytmasi sifatida hisoblab chiqiladi.
Transport vositasining egasi oʻzgarishi yoki transport vositasidan foydalanish belgilangan tartibda taqiqlanishi yoxud u bundan buyongi foydalanish uchun yaroqsiz holatda ekanligi sababli majburiy sugʻurta shartnomasining amal qilishi muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, sugʻurta mukofotining bir qismi toʻlangan sugʻurta tovoni summasiga va majburiy sugʻurta toʻgʻrisidagi shartnomaning qolgan amal qilish muddati kunlariga mutanosib summada sugʻurta qildiruvchiga qaytariladi.
Majburiy sugʻurta shartnomasining amal qilishi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilganidan boshqa asoslarga koʻra muddatidan ilgari tugatilganda, sugʻurtalovchi sugʻurta mukofotining qaytariladigan qismidan mazkur majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha oʻzining isbotlanadigan xarajatlari summasini sugʻurta mukofotining 25 foizidan oshmagan miqdorda chegirib qolishi mumkin.
Pul mablagʻlari sugʻurtalovchining (sugʻurta agentining) bank hisobvaragʻiga kelib tushgan sana sugʻurta mukofoti toʻlangan sana hisoblanadi.
