11-modda. Sugʻurta tariflarining bazaviy stavkalari va koeffitsiyentlari
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Sugʻurta tariflari bazaviy stavkalardan va koeffitsiyentlardan iborat boʻladi.
Sugʻurta tariflarining bazaviy stavkalari transport vositalarining ulardan foydalanishda zarar yetkazilishi ehtimoliga va yetkazilgan zararning potensial miqdoriga jiddiy taʼsir etadigan texnik tavsiflari, konstruktiv xususiyatlari hamda belgilangan maqsadidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Sugʻurta tariflarining koeffitsiyentlari quyidagilardan kelib chiqqan holda belgilanadi:
transport vositasidan eng koʻp foydalaniladigan hududdan;
oʻtgan davrlarda majburiy sugʻurtani amalga oshirishda sugʻurtalovchilar tomonidan sugʻurta toʻlovlari toʻlanganligi yoki toʻlanmaganligidan;
haydovchining haydovchilik stajidan;
transport vositasidan foydalanishning mavsumiyligidan;
oʻtgan davrlarda sugʻurtalovchi soʻragan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sugʻurta qildiruvchi tomonidan bila turib buzib koʻrsatilganligi, toʻgʻri maʼlumotlar xabar qilingan taqdirda toʻlanishi lozim boʻlgan summaga nisbatan kamroq summada sugʻurta mukofoti toʻlanishiga olib kelganligi faktlarining mavjudligidan;
oʻtgan davrlarda sugʻurta qildiruvchi (majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha fuqarolik javobgarligi sugʻurtalangan boshqa shaxs) tomonidan sugʻurta hodisasi sodir boʻlishiga, shuningdek yetkazilgan zararning miqdori oshishiga qasddan koʻmaklashish yoki sugʻurta hodisasining sodir boʻlishi holatlarini sugʻurta toʻlovini oshirish maqsadida bila turib buzib koʻrsatish faktlariga yoʻl qoʻyilganligidan;
oʻtgan davrlarda regress talab qoʻyilishiga asos boʻlgan holatlarda sugʻurta qildiruvchi (majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha fuqarolik javobgarligi sugʻurtalangan boshqa shaxs) tomonidan zarar yetkazilishi faktlari mavjudligidan;
ushbu Qonun 16-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan sugʻurta tariflarining koeffitsiyentlari qoʻllanilganidan.
Ushbu modda uchinchi qismining oltinchi—sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlarni hisobga oluvchi sugʻurta tariflarining koeffitsiyentlari mazkur harakatlar yoki harakatsizlik toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga maʼlum boʻlgan davrdan keyingi davr uchun majburiy sugʻurta shartnomasini tuzishda sugʻurtalovchi tomonidan qoʻllaniladi.
