Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisida
15.06.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Memorandum
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari oʻrtasida hamkorlikning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnika va ishlab chiqarish munosabatlarini teng huquqlilik hamda oʻzaro manfaat prinsiplari asosida rivojlantirish hamda mustahkamlash maqsadida,
investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish, zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni jalb etish sohasida hamkorlik, shuningdek iqtisod sohalarida ishlab chiqarishning hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirish muhimligini eʼtirof etib,
Tomonlar davlatlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun shartnoma-huquqiy asos va qulay shart-sharoitlarni yaratish zarurligidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar davlatlari oʻrtasida barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi uchun Tomonlar barcha zarur choralarni koʻradilar hamda shu maqsadlarda eng qulay shart-sharoitlarni yaratadilar.
2-modda
Tomonlar ustuvorlik asosida oʻzaro manfaatli hamkorlikni quyidagi muhim yoʻnalishlarga qaratish zarur deb hisoblaydilar:
— uglevodorod xomashyosini izlash, qidirish, qazib olish, qayta ishlash va tashish;
— boshqa mineral-xomashyo resurslarni ishlab chiqish;
— energetika;
— transport kommunikatsiyalari;
— kimyo sanoati;
— telekommunikatsiyalar;
— qishloq xoʻjaligi;
— taʼlim;
— turizm;
— moliya-kredit sohasi;
— suv xoʻjaligi va tabiatni muhofaza qilish sohalari;
— oʻzaro manfaat uygʻotuvchi boshqa sohalar.
3-modda
“Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash toʻgʻrisida 1994-yil 12-aprelda kuchga kirgan Bitim”ga muvofiq Tomonlar oʻzaro bevosita investitsiyalarni ragʻbatlantiradilar hamda jalb qiladilar.
Tomonlar boshqa Tomon davlati xoʻjalik yurituvchi subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarining huquqiy himoyasini taqdim etadilar.
4-modda
Tomonlar davlatlarining qonunlariga muvofiq, Tomonlar davlatlarining hududlari oʻrtasidagi yuk oqimi va yuk tranzitini taʼminlash uchun Tomonlar transport infratuzilmasi sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantiradilar, mintaqalararo transport yoʻnalishlarini rejaviy tuzadilar, potensial transport, tranzit imkoniyatlarini topish boʻyicha ishlarni davom ettiradilar.
5-modda
Tomonlar ikkala davlatning eksport salohiyatini oshirish, ikki tomonlama savdo aylanmasini koʻtarish va uning moʻtadilligini taʼminlash maqsadida jahon bozorida raqobatbardosh zamonaviy texnologiyalarni jalb etish asosida hamkorlik loyihalarini reja asosida amalga oshiradilar.
6-modda
Tomonlar hamkorlikning ustuvor loyihalarini amalga oshirishni mumkin qadar qoʻllab-quvvatlaydilar va yordam beradilar, shuningdek ikki tomonlama loyihalarni moliyalashtirish hamda xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlarini birgalikda jalb etishda ikki davlatning moliya institutlarini ragʻbatlantiradilar.
7-modda
Tomonlar ushbu Memorandum maqsadlarini amalga oshirish uchun hamkorlikni rivojlantirish maqsadida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qulay shart-sharoitlarni taqdim etadilar:
— ikkala davlatning hukumat vakolatli organlari, ishbilarmon doira vakillari, turli professional uyushmalar, savdo-sanoat palatalari, ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasidagi aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash;
— turli yoʻnalishlardagi koʻrgazma, yarmarka va forumlarni tashkil etish;
— seminarlar, ilmiy simpoziumlarni tashkil etish;
— maslahatlar berish;
— ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikda kichik va oʻrta biznes subyektlarini jalb etish;
— uchinchi mamlakatlarda hamkorlikni amalga oshirish.
8-modda
Tomonlar savdo siyosati sohasidagi muloqotni faollashtiradilar va tashqi iqtisodiy aloqalar hamda xorijiy investitsiyalarning jalb etilishini ichki huquqiy tartibga solish toʻgʻrisida muntazam ravishda axborot almashadilar.
9-modda
Tomonlar mahsulotlar sifatini tekshirish va karantin inspeksiyasi sohasida tegishli shartnoma-huquqiy negizni yaratish orqali hamkorlikni kuchaytiradilar.
10-modda
Ushbu Memorandum, zarur holda, Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
11-modda
Ushbu Memorandumning qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha bahslar yuzaga kelgan holda Tomonlar ularni qoʻshma maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
12-modda
Ushbu Memorandum Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki protseduralarni bajarganliklari toʻgʻrisida notalar almashingan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi.
Tomonlarning birontasi navbatdagi muddat tugashidan kamida uch oy ilgari ushbu Memorandumning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda boshqa Tomonni xabardor qilmasa, uning amal qilishi har gal oʻz-oʻzidan bir yilga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2004-yil 15-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, Tomonlar rus tilidagi matnni qoʻllaydilar.
(imzolar)
