32-modda. Korxona xoʻjalik faoliyatining huquqiy va iqtisodiy shart-sharoitlari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Davlat korxonalarga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yuritishning teng huquqiy va iqtisodiy sharoitlarini taʼminlaydi.
2. Davlat bozorni rivojlantirishga koʻmaklashadi, monopoliyaga qarshi tadbirlarni amalga oshiradi, barcha mehnatkashlarning ijtimoiy kafolatlarini taʼminlaydi.
Raqobatchining obroʻsini tushirishga qaratilgan xatti-harakatlarga, ishlab chiqarish kvotalari, sotish va taʼminot bozorlarini boʻlib olish, erkin raqobatni cheklash maqsadida korxonalar oʻrtasida monopol narx-navoni ushlab turish haqidagi har qanday til biriktirishlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Aks holda korxona monopoliyaga qarshi qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Davlat qonun asosida, huquqni himoya qiluvchi va moliya organlari orqali raqobat qilish erkinligini taʼminlaydi, isteʼmolchilarni ularning huquqlari kamsitilishidan, xoʻjalik faoliyatining har qanday sohasida monopolizm koʻrinishlaridan muhofaza qiladi.
3. Korxona xoʻjalik oborotiga kiritayotgan buyumlar firma belgisini yoki buyumning ramzini, buyumni taʼriflaydigan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda markirovka qilinishi shart. Oʻzga firma va tovar belgilarini, shuningdek, bir ishlab chiqaruvchining buyumlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarning buyumlari bilan chalkashtirib yuborishga (oʻxshatishga) imkon beradigan har qanday maʼlumotlarni oʻzlashtirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu masalalarda chiqqan nizolar sud tartibida hal qilinadi.
