31-modda. Korxonalar huquqlari va manfaatlarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Davlat korxona huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga kafolat beradi.
Korxona xoʻjalik faoliyatini va oʻzga faoliyatni amalga oshirish chogʻida oʻz tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga zid kelmaydigan har qanday qarorlarni qabul qilishga haqlidir.
Korxonaning xoʻjalik faoliyati va oʻzga faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan hollardan tashqari davlat, jamoat va kooperativ idoralarining aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2. Respublika va mahalliy davlat, jamoat hamda kooperativ idoralari va ularning mansabdor shaxslari korxonaga daxldor qarorlar qabul qilish chogʻida va oʻzlarining shu korxona bilan munosabatlarida ushbu Qonunning qoidalariga rioya etilishi uchun javobgardirlar.
Davlat idoralari va oʻzga idoralar va mansabdor shaxslar oʻzlarining qonunlarda belgilab qoʻyilgan vakolatlariga muvofiq tarzdagina korxonaga koʻrsatma berishlari mumkin. Davlat idoralari yoki oʻzga idoralar oʻz vakolatlariga yoki qonun talablariga mos kelmaydigan hujjatni qabul qilgan taqdirda korxona bunday hujjatni haqiqiy emas, deb eʼtirof etish toʻgʻrisida ariza bilan sud yoki xoʻjalik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
Korxona huquqni buzgan davlat idorasi yoki oʻzga idora yoxud ularning mansabdor shaxslari koʻrsatmalarini bajarish natijasida, shuningdek bunday idoralar yoki ularning mansabdor shaxslari korxonaga nisbatan qonunda koʻzda tutilgan burchlarini tegishlicha amalga oshirmaganliklari oqibatida korxonaga yetkazilgan zarar ana shu idoralar tomonidan toʻlanishi kerak. Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolarni xoʻjalik sudi oʻz vakolatlariga muvofiq holda hal qiladi.
