24-modda. Moliya va kredit munosabatlari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Foyda (daromad), amortizatsiya ajratmalari, qimmatli qogʻozlarni sotishdan tushgan pul, mehnat jamoasi aʼzolarining, korxonalar, tashkilotlar, fuqarolarning pay va oʻzga badallari, shuningdek, boshqa tushumlar korxona moliyaviy resurslarini tashkil etuvchi manbalardir.
2. Korxona tijorat shartnomasi asosida bank kreditidan, boshqa korxonalarning kreditlaridan foydalanadi.
3. Korxonalar oʻz hisob-kitob va kassa xizmati uchun banklarni mustaqil ravishda tanlaydi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bitta yoki bir nechta bankda milliy va chet el valyutalarida talab qilib olguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlar ochishga haqli.
4. Budjetga va budjetdan tashqari fondlarga toʻlovlar, ish haqi berish, mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha talablarni hamda ularga tenglashtirilgan toʻlovlarni qondirish, shuningdek bevosita ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan ehtiyojlarga pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish fuqarolik qonun hujjatlari boʻyicha hisob-kitoblarning qolgan turlari korxona tomonidan kalendar tartibda amalga oshiriladi.
5. Korxona xaridor (isteʼmolchi) ga qarzga olingan mablagʻ uchun foyda toʻlash tartibida qarzga mahsulot yetkazib berishi, ishni bajarishi va xizmat koʻrsatishi mumkin. Bunday savdo bitimlarini rasmiylashtirish uchun korxona xoʻjalik oborotida vekselni qoʻllashi mumkin. Korxona foiz toʻlash sharti bilan boshqa korxonalarga yoki banklarga kredit berishi mumkin.
6. Korxona kredit shartnomalari va hisob-kitob intizomiga rioya etilishi uchun toʻla javobgardir. Hisob-kitob qilish yuzasidan oʻz majburiyatlarini muntazam bajarmaydigan korxona bank tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilinishi mumkin. Bunday korxonalarga taʼsir oʻtkazish choralari va ularni qoʻllash tartibi banklar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
