16-modda. Korxonaning rahbari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Korxona rahbari lavozimiga yollash (tayinlash, saylash) chogʻida nomzod shaxs bilan bitim (shartnoma, kelishuv) tuziladi, unda korxona rahbarining huquqlari, vazifalari va masʼuliyati, uning moddiy taʼminoti hamda egallab turgan lavozimidan boʻshatish shartlari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida koʻzda tutilgan kafolatlarni hisobga olgan holda belgilab qoʻyiladi.
2. Korxona rahbari korxona faoliyati bilan bogʻliq masalalarni mustaqil hal qiladi, ushbu Qonunda mehnat jamoasi va korxona kengashi umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)ning mutlaq vakolatiga topshirilgan masalalar bundan mustasno, korxona nomidan ishonch qogʻozisiz ish olib boradi, respublikadagi va boshqa davlatlardagi barcha korxonalarda, firmalar va tashkilotlarda shu korxona manfaatlarini himoya qiladi, korxona mol-mulkini tasarruf etadi, shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalarini tuzadi, ishonch qogʻozlari beradi, banklarda hisob raqamlari va boshqa raqamlar ochadi, mablagʻlarni tasarruf etish huquqidan foydalanadi, maʼmuriyatning ijroiya apparati shtatlarini tasdiqlaydi, korxonaning barcha xodimlari uchun majburiy buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi.
3. Korxona rahbari oʻz oʻrinbosarlarini, boshqaruv apparati rahbarlarini va tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarini mustaqil tayinlaydi va ishdan ozod qiladi.
4. Korxona rahbari shartnomada yoki Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida koʻzda tutilgan asoslarga muvofiq shartnoma muddati tugamay turib, egallab turgan lavozimidan boʻshatilishi mumkin.
