15-modda. Korxonani boshqarishni tashkil etishning umumiy qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Korxona oʻz ustaviga muvofiq boshqariladi. Korxona boshqaruv strukturasi, shakli va uslublarini mustaqil aniqlaydi, shtatlarni belgilaydi.
Mulkdor yoki xoʻjalikni toʻla yuritish huquqi subyekti korxonani bevosita yoki oʻzi vakolat bergan idoralar orqali boshqaradi. Mulkdor yoki xoʻjalikni toʻla yuritish huquqi subyekti yoxud u vakolat bergan idoralar ana shu huquqlarni korxona kengashiga (idorasiga) yo boʻlmasa korxona ustavida koʻzda tutilgan hamda mulkdor va mehnat jamoasi manfaatlarini ifoda etadigan boshqa idoraga topshirishi mumkin.
2. Korxona rahbarini yollash (tayinlash, saylash) va boʻshatish korxona mol-mulki egasining huquqi boʻlib, bu huquqni u bevosita, shuningdek oʻzi vakolat bergan idoralar orqali yoki korxonani boshqarish huquqi berilgan korxona kengashi, boshqaruvi yoxud boshqa idoralar orqali amalga oshiradi.
