6-modda
Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 06.10.2003 · Amalda
1. Ushbu bobga muvofiq, hamkorlik tadqiqotlar va ishlanmalar boʻyicha Tomonlarning tegishli faoliyati ularning kelishuviga asosan qamrab olingan darajada, Tomonlar oʻzaro manfaatga ega boʻlgan holda, 3-moddada qayd etilmagan, atom energiyasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Hamkorlik quyidagi sohalarni oʻz ichiga olishi mumkin:
a) atom energiyasini tibbiyot va sanoat, shu jumladan elektr energiyasini ishlab chiqarish sohalarida qoʻllash;
b) atom energiyasi va atrof-muhit oʻrtasidagi oʻzaro harakat;
c) Tomonlar oʻrtasida kelishilganidek yadro tadqiqotlari va ishlanmalarining har qanday sohasi hamda ular Tomonlarning tegishli qonunchiligiga muvofiq qay darajada amalga oshirilishi mumkinligi.
3. Hamkorlik, xususan, quyidagi vositalar asosida amalga oshiriladi:
— maʼruzalar, tashriflar, seminarlar, texnik uchrashuvlar kabi tadbirlar vositasida texnikaviy informatsiya va maʼlumotlar almashuvi;
— laboratoriyalar va/yoki ikkala tomonning organlari xodimlarini almashish, shu jumladan ularni oʻqitish;
— eksperimental maqsadlarda namunalar, materiallar, asbob-uskunalar va apparatlar almashuvi;
— qoʻshma tadqiqotlar va faoliyatda teng tarzda ishtirok etish.
4. a) Zarur hollarda, muayyan loyihalar boʻyicha hamkorlik sohasi va shartlari tegishli qonunchilik va tartibga solib boruvchi talablarga muvofiq oʻzining vakolatli institutlari orqali faoliyatini amalga oshiradigan Tomonlar tatbiq etilib, amalga oshiriladigan choralarda qayd etiladi.
b) Bunday tarzda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, boshqalari qatorida, moliyalash, boshqaruv masʼuliyatini topshirish hamda maʼlumotlar tarqatish va intellektual mulk huquqlari boʻyicha batafsil shart-sharoitlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
c) Agar Tomonlar boshqa tarzda ahdlashib olmagan boʻlsalar, hamkorlik boʻyicha faoliyatdan kelib chiquvchi barcha xarajatlarni ularni sarflovchi Tomon qoplaydi.
d) Ushbu bob boʻyicha hamkorlik yuzasidan faoliyatga muvofiq amalga oshiriladigan har qanday yadro transfertlari Tomonlar va Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlarning 7(5)-moddada qayd etilgan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi xalqaro va koʻp tomonlama majburiyatlari asosida amalga oshiriladi.
