7-modda. Advokatlik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi
Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida (721-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Advokat yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganida uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Advokatdan va uning yordamchisidan va stajyoridan advokatlik siri predmeti hisoblangan holatlar toʻgʻrisida biron-bir tushuntirish yoki koʻrsatuvlar berishni talab qilish, shuningdek ular haqida tezkor-qidiruv faoliyatida, jinoyat ishlari, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar va boshqa ishlarni yuritishda foydalanish uchun biron-bir material taqdim etishni talab qilish man etiladi.
Advokatlik faoliyatini amalga oshirishda biron-bir maxsus ruxsatnoma (order va advokat guvohnomasidan tashqari) talab qilish yoki boshqa toʻsiqlar vujudga keltirish man etiladi;
Advokatning muayyan ishni oʻrganishiga toʻsqinlik qilish yoki ishonch bildiruvchi shaxsning (oʻz himoyasi ostidagi shaxsning) qonuniy manfaatlariga zid keluvchi nuqtai nazarni majburan egallashiga erishish maqsadida unga qanday shaklda boʻlmasin taʼsir koʻrsatish, shuningdek advokatga tahdid qilish, uni haqoratlash, unga nisbatan tuhmat qilish, kuch ishlatish yoki uning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
