6-modda. Advokatning daxlsizligi
Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida (721-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Advokatning shaxsi daxlsiz. Advokatning daxlsizligi uning uy-joyiga, xizmat xonasiga, foydalanishidagi transporti va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqlidir.
Advokatga nisbatan jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Advokatning uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, tintuv oʻtkazish yoki olib qoʻyish, uning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, advokatni koʻzdan kechirish va shaxsiy tintuvdan oʻtkazish, xuddi shuningdek uning pochta-telegraf joʻnatmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirish yoki olib qoʻyish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi advokatga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat prokurorlari, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga koʻra jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan qoʻllanilishi mumkin.
Advokatning ish boʻyicha huquqiy nuqtai nazariga nisbatan surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas.
Advokatni yuridik va jismoniy shaxslarga qonunga muvofiq yuridik yordam koʻrsatganligi munosabati bilan jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki unga shunday javobgarlikka tortish bilan tahdid qilish mumkin emas.
