2-modda. Temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchilik
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (766-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanish chogʻida temir yoʻl transporti korxonalari bilan yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar, yoʻlovchilar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan Temir yoʻl ustavi bilan ham belgilanadi.
Temir yoʻl transportida yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashishni tashkil etish tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan tasdiqlanadigan yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalari, shuningdek boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
