1-modda. Asosiy tushunchalar
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (766-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
temir yoʻl transporti (temir yoʻl) — umumiy foydalanishdagi transport turlaridan biri boʻlib, u ishlab chiqarish va ijtimoiy yoʻnalishdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni oʻz tarkibiga olgan, boshqa davlatlarning temir yoʻllari va transportning boshqa turlari bilan oʻzaro hamkorlikda tashish ehtiyojlarini taʼminlovchi yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuidan iboratdir;
temir yoʻl transporti korxonasi — temir yoʻl asosiy faoliyatining tuzilmaviy boʻlinmasi boʻlib, bevosita tashish jarayonini taʼminlaydi;
temir yoʻl transporti muassasasi — temir yoʻlning kadrlar tayyorlash, temir yoʻl transporti xodimlariga ijtimoiy-maishiy va madaniy xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan tuzilmaviy boʻlinmasi;
temir yoʻl transporti tashkiloti — temir yoʻlning qoʻshimcha yordamchi faoliyatni amalga oshiruvchi va tashish jarayonida bevosita ishtirok etmaydigan tuzilmaviy boʻlinmasi;
temir yoʻl ustavi — qonunchilikka muvofiq temir yoʻlning, temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning (shu jumladan ular nomidan ish koʻruvchi ekspeditorlik va boshqa tashkilotlarning) huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan normativ hujjat;
transport xizmatlari bozori — yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashuvchi, transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatuvchi va taʼmirlovchi, temir yoʻl transportida tashish bilan bogʻliq qoʻshimcha yordamchi ishlarni hamda boshqa ish turlarini (xizmatlarni) bajaruvchi soha;
tashish jarayoni — yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashishga tayyorgarlik koʻrish, uni amalga oshirish va tugallash chogʻida temir yoʻl transporti korxonalari bajaradigan tashkiliy va texnologik jihatdan oʻzaro bogʻliq harakatlar va operatsiyalar majmui;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar — temir yoʻlning poyezdlarni qabul qilish va joʻnatish, yuklar, bagaj va yuk bagajini qabul qilish hamda topshirish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish, manevr ishlarini amalga oshirish boʻyicha tegishli operatsiyalarni bajarish uchun ochiq boʻlgan temir yoʻl bekatlari joylashgan tarmogʻi;
yuk — tashish uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan, oʻz vaqtida eltib berilishi va saqlanishi uchun temir yoʻl javobgar boʻlgan temir yoʻl tashish obyekti;
yoʻlovchi — yoʻl hujjatlariga ega boʻlgan va poyezdda safar qiluvchi fuqaro (jismoniy shaxs);
