12-modda.
Xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 20.03.2006 · Amalda
1. Ushbu Bitimga asosan amalga oshirilayotgan tashuvlarda Tomonlar davlatlari hududiga olib kirilayotgan quyidagilar bojxona toʻlovlari va yigʻimlaridan oʻzaro ozod qilinadi:
a) har bir avtotransport vositasi modeli uchun tayyorlovchi koʻzda tutgan, dvigatellarning taʼminot tizimiga texnologik va konstruktiv jihatdan bogʻlangan standart idishlarda, shuningdek texnologik jihatdan muzlatgich va avtotransport vositalaridagi boshqa qurilmalar bilan bogʻliq qoʻshimcha sigʻimlarda joylashgan yonilgʻi;
b) yoʻlovchi va yuklarni tashish davomida foydalanish uchun zarur boʻlgan miqdordagi moylash materiallari;
v) yoʻlovchi va yuklarni xalqaro tashishni amalga oshirayotgan avtotransport vositasini taʼmirlash uchun moʻljallangan ehtiyot qismlar va asbob-uskunalar.
Foydalanilmagan ehtiyot qismlar qaytarib olib chiqilishi, almashtirilgan ehtiyot qismlar davlatdan olib chiqilishi yoxud yoʻq qilinishi yoki tegishli Tomon davlati hududida oʻrnatilgan tartibda topshirilishi lozim.
2. Mazkur Bitim doirasida yoʻlovchi va yuklarni tashishni amalga oshirayotgan avtotransport vositalari avtotransport vositalariga egalik qilish yoki undan foydalanish, boshqa Tomon davlatining avtomobil yoʻllaridan foydalanish va ularni taʼmirlash bilan bogʻliq yigʻim va toʻlovlardan oʻzaro ozod etiladi, toʻlovli avtomobil yoʻllari, avtomagistrallar, koʻpriklar va tonnellardan foydalanish uchun yigʻim va toʻlovlar, basharti bunday yigʻim va toʻlovlar ushbu davlatning avtotransport vositalaridan undiriladigan boʻlsa, bundan mustasno.
3. Tomonlar, shuningdek ikki mamlakat tashuvchilarini depozit hamda oʻz davlatlarining hududlari boʻylab tranzit bilan tashilayotgan yuklardan olinadigan garov summalaridan Tomonlar davlatlarining milliy qonun hujjatlariga muvofiq oʻzaro ozod etadilar.
