Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga imtiyozli kredit berish toʻgʻrisida
15.06.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Hadli Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
doʻstona munosabatlar va texnik-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
XXR Hukumati, Xitoy eksport-import banki (bundan keyin Kredit beruvchi) Oʻzbekiston Hukumatiga yoki u belgilagan va Kredit beruvchi tasdiqlagan organ (bundan keyin Kredit oluvchi)ga Tomonlar kelishib olgan loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy qiymati 300 (uch yuz) million yuan miqdorida imtiyozli kredit (bundan keyin Kredit) taqdim etadi deb rozilik beradi. Ushbu Kreditning foizlarini subsidiya qilish xarajatlari XXR Hukumati tomonidan bevosita Kredit beruvchiga toʻlanadi.
2-modda
Mazkur Kreditni taqdim etishning asosiy shartlari:
1. Kreditni berish muddati 20 yildan koʻp boʻlmagan muddatni tashkil etadi, bunga 5 yildan koʻp boʻlmagan imtiyozli muddat ham kiradi.
2. Kredit boʻyicha foiz stavkasi yiliga 2 foizni tashkil etadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yoki Oʻzbekiston Hukumati tomonidan belgilangan va Kredit beruvchi tasdiqlagan organ Kredit oluvchi hisoblanadi. Oʻzbekiston Moliya vazirligi mazkur Kreditni muddatida toʻlash kafolatini beradi.
3-modda
Ushbu Kredit foydalaniladigan loyihalar Oʻzbekiston Hukumati tomonidan baholanadi, tavsiya etiladi va ikki mamlakat hukumatlari roziligidan soʻng Kredit beruvchi tarafidan tasdiqlanadi.
4-modda
Ushbu Kreditdan foydalanish toʻgʻrisida Kredit bitimi Kreditdan foydalanish boʻyicha loyihalar qabul qilingach, Kredit beruvchi bilan Kredit oluvchi oʻrtasida aniq muhokama qilinadi va tuziladi.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan XXR Hukumati Kreditdan foydalanish holatini oʻz vaqtida tekshirib boradilar, shuningdek ushbu Bitimni amalga oshirish davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tegishli masalalarni muhokama etib oladilar.
6-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va uch yil davomida amal qiladi. Kredit beruvchi bilan Kredit oluvchi oʻrtasida uch yil davomida Kreditdan foydalanish toʻgʻrisida Kredit bitimi tuzilmasa, ushbu Bitim oʻz-oʻzidan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Ushbu Bitim Toshkent shahrida 2004-yil 15-iyunda ikki nusxada, ikkala Tomon uchun bir nusxadan, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
