Madaniyat, fan va taʼlim sohalarida 2004-2006-yillar uchun
25.05.2004
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN POLShA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
IJROIYA DASTUR
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar;
ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro ishonchga asoslangan suveren, sherikchilik aloqalarini rivojlantirish istagida,
madaniyat, fan va taʼlim sohalaridagi hamkorlik ikkala mamlakat jamiyatlarining yaqinlashishi va hamkor-mamlakatning anʼana hamda hozirgi zamon hayoti mavzusidagi bilimlarini yoyishga koʻmaklashishiga ishonch bildirib,
tinchlikni saqlash, inson huquqlarini hurmat qilish, oshkoralik, bagʻrikenglik hamda madaniyatlararo muloqot prinsiplariga tayanib,
1995-yil 11-yanvarda Varshavada imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy va ilmiy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I. Fan va taʼlim
1-modda
Tomonlar quyidagi masalalarga alohida eʼtibor bergan holda hamkorlik qiladilar:
1) taʼlim tizimlari, ularni rivojlantirish rejalari va islohot yoʻnalishlari toʻgʻrisida axborot almashish;
2) Tomonlarning manfaatlari asosida ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash;
3) barcha darajalardagi taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash;
4) konferensiyalar, simpoziumlar, shuningdek, yoshlar uchun olimpiada va tanlovlarni tashkil qilishni qoʻllab-quvvatlash.
2-modda
Tomonlar ikki mamlakat fanlar akademiyalari, oliy oʻquv yurtlari hamda boshqa manfaatdor ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻrtasida quyidagi sohalarda toʻgʻridan toʻgʻrihamkorlik oʻrnatish boʻyicha aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar:
1) qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish;
2) mashgʻulotlar oʻtkazish, shuningdek, kongresslar, ilmiy seminarlar, konferensiya va simpoziumlarda qatnashish uchun professor-oʻqituvchi va ilmiy xodimlar hamda mutaxassislar bilan almashuv;
3) axborot va ilmiy nashrlar almashuvi.
Manfaatdor muassasalar hamkorlik sohalarini va moliyaviy shartlarni birgalikda belgilaydilar.
3-modda
Polsha tomoni Oʻzbekiston tomoniga har yili quyidagilarni ajratadi:
1) turli ixtisosliklar boʻyicha oliy oʻquv yurtlarida va aspiranturada taʼlim olish uchun toʻrttagacha joy;
2) 1 oydan 9 oygacha davom etadigan ilmiy-tadqiqot stajirovkalariga jami 10 oy.
4-modda
Oʻzbekiston tomoni Polsha tomoniga har yili 1 oydan 9 oygacha davom etadigan ilmiy-tadqiqot stajirovkalariga jami 18 oy ajratadi.
5-modda
Polsha tomoni Oʻzbekiston tomonining taklifiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi maktablariga oʻqituvchilik ishi uchun polyak tili oʻqituvchilarini, shuningdek, oliy oʻquv yurtlariga professor-oʻqituvchilar tarkibini yuboradi.
Oʻzbekiston tomoni, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, kelib chiqishi polyak boʻlgan fuqarolar uchun polyak tilini va polyak tilida oʻqitishni tashkil qilishda koʻmaklashadi.
6-modda
Oʻzbekiston tomoni Polsha tomonining taklifiga binoan, Polsha Respublikasi maktablariga oʻzbek tili oʻqituvchilarini, shuningdek, oliy oʻquv yurtlariga professor-oʻqituvchilar tarkibini yuboradi.
Polsha tomoni oʻzbek tilini oʻqitishni tashkil qilishda koʻmaklashadi.
II. Madaniyat va sanʼat
7-modda
Tomonlar tijorat va notijorat shartlari asosida kinofilmlar almashuviga qulayliklar yaratadilar.
8-modda
Tomonlar hamkor-mamlakat kinematografiyasining oʻz mamlakatlarida tashkillashtiriladigan xalqaro festivallar va kinofilmlar koʻriklarida, ushbu tadbirlarning ish tartibiga asoslangan holda, ishtirokini qoʻllab-quvvatlaydilar.
9-modda
Tomonlar Oʻzbekiston va Polsha muassasalari va tashkilotlari oʻrtasida kinematografiya sohasida bevosita hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
10-modda
Tomonlar hamkor-mamlakatda konsertlar va ijodiy safarlar uyushtirishga intiladilar.
11-modda
Tomonlar hamkor-mamlakatda tashkillashtiriladigan badiiy festivallarda oʻz ansambllari hamda ijrochilarining ishtirokini qoʻllab-quvvatlaydilar.
12-modda
Tomonlar hamkor-mamlakatda anʼanaviy yoki zamonaviy sanʼat koʻrgazmalarini uyushtirishga intiladilar, ularni oʻtkazish shartlari ikkala mamlakatning manfaatdor muassasalari oʻrtasida kelishiladi.
13-modda
Tomonlar Oʻzbekiston va Polsha manfaatdor muassasalari oʻrtasida arxeologiya, muzey ishi, madaniy yodgorliklarni taʼmirlash va muhofaza qilish sohalarida bevosita hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar. Hamkorlik shartlari ikki mamlakat manfaatdor muassasalari oʻrtasida kelishiladi.
14-modda
Tomonlar tegishli mamlakatda amalda boʻlgan huquqiy qoidalarga muvofiq, shuningdek, ikkala Tomonlar tarafidan imzolangan tegishli xalqaro shartnomalarga muvofiq, ularning madaniy merosi boʻlmish madaniy boyliklarni yashirincha olib kirish, olib chiqish hamda berishning oldini olishga intiladilar.
15-modda
Tomonlar ikki mamlakat milliy kutubxonalari oʻrtasida mutaxassislar, shuningdek axborot va mikrofilmlar almashuvi sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar. Tomonlar kitoblarni targʻib etish, shuningdek kutubxona va nashriyot faoliyatida qoʻshma taʼlim loyihalarini amalga oshirishga intiladilar.
16-modda
Tomonlar davlat arxivlari bosh boshqarmalari oʻrtasidagi bevosita kelishuvlar asosida, arxiv ishi sohasida, xususan ilmiy, ijtimoiy va huquqiy maqsadlarda arxivlardan foydalanish, tajriba, nashrlar va hujjatlar nusxalari almashuvi boʻyicha hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
17-modda
Tomonlar oʻz mamlakatlarida oʻtkaziladigan xalqaro simpoziumlar, koʻrgazmalar, festivallar va tanlovlar haqida bir-birlariga maʼlum qiladilar hamda mazkur tadbirlarda nashr qilinadigan materiallar bilan almashadilar.
III. Axborot
18-modda
Tomonlar ikki mamlakatdagi tegishli muassasalar oʻrtasida axborot almashuvini qoʻllab-quvvatlaydilar. Tomonlar ikki mamlakatning tarixi, jugʻrofiyasi va madaniyati bilan tanishishga imkon beruvchi nashrlar va oʻquv qoʻllanmalari almashuvini qoʻllab-quvvatlaydilar.
19-modda
Tomonlar radioeshittirish va televideniye sohasida toʻgʻridan toʻgʻrihamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
IV. Yoshlar va sport
20-modda
Tomonlar ikki mamlakat yoshlari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
21-modda
Tomonlar ikki mamlakat sport federatsiyalari, jamiyatlari va klublari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻrialoqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Sport tashkilotlari hamkorligi quyidagilarni qamrab oladi:
1) milliy sport turlarini ommalashtirish;
2) tajriba, ilmiy va metodik materiallar almashuvi;
3) jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislar malakasini oshiruvchi seminar va kurslarni tashkil qilish;
4) ommaviy sport, dopingga qarshi kurash hamda sport tadbirlarida xavfsizlikni taʼminlash sohalarida ekspertlar almashuvi.
Manfaatdor tashkilotlar almashuv prinsiplari va uning moliyaviy shartlarini birgalikda belgilaydilar.
V. Shaxslar almashuviga oid shartlar
22-modda
Shaxslar almashuvi, ushbu Dasturga muvofiq, aspiranturada oʻqish, oliy oʻquv yurtlarida oʻqish ilmiy-tadqiqot stajirovkalari, oʻqituvchilar va professor-oʻqituvchilar tarkibini xizmat safarlariga joʻnatish, hamda qisqa muddatli tashriflar doirasida amalga oshiriladi.
23-modda
Dasturning 3 va 4-moddalari asosida almashuvda ishtirok etadigan shaxslarni qabul qiluvchi Tomon quyidagilar bilan taʼminlaydi:
1) davlat oliy oʻquv yurtlari va aspiranturada oʻqitish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlarida stipendiya toʻlovlarsiz bepul oʻqitish;
2) yotoqxonalardagi pullik joylar;
3) joriy yilning 1-iyuniga qadar nomzodlar va ixtisosliklar boʻyicha javob maʼlumoti.
yuboruvchi Tomon quyidagilar bilan taʼminlaydi:
1) oʻqish yoki stajirovka joyiga borib-kelish uchun transport xarajatlarini qoplash;
2) toʻsatdan kasallikka chalinish holati va baxtsiz hodisalar uchun sugʻurta (polis), tibbiy yordam olish huquqi esa qabul qiluvchi mamlakat qonun-qoidalariga bogʻliq boʻladi;
3) joriy yilning 31-martiga qadar nomzodlar soni va ularning ixtisosliklari boʻyicha maʼlumot.
24-modda
Dasturning 5-moddasi asosida, Oʻzbekiston Respublikasi maktablari va oliy oʻquv yurtlariga yuboriladigan oʻqituvchilar va professor-oʻqituvchilar tarkibini Oʻzbekiston tomoni quyidagilar bilan taʼminlaydi:
1) oylik ish haqi (shuningdek taʼtil vaqtida ham);
2) toʻsatdan kasallikka chalinish va baxtsiz hodisalar roʻy berganda zarur tibbiy yordam;
3) bepul turar joy;
4) mamlakatga kirish, turish va ishga joylashish (bepul: yillik koʻp marotabali viza, ishga ruxsatnoma va roʻyxatga qoʻyish) bilan bogʻliq zarur rasmiyatchiliklarni bajarishda yordam koʻrsatish.
Polsha tomoni oʻqituvchilar va professor-oʻqituvchilar tarkibining turar joylaridan ish joylariga borib-kelish transport xarajatlarini qoplaydi. Yuborilayotgan shaxslarning hujjatlari diplomatik kanallar orqali yetkaziladi.
25-modda
Dasturning 6-moddasi asosida, Polsha Respublikasi maktablari va oliy oʻquv yurtlariga yuboriladigan oʻqituvchilar va professor-oʻqituvchilar tarkibini Polsha tomoni quyidagilar bilan taʼminlaydi:
1) oylik ish haqi (shuningdek taʼtil vaqtida ham);
2) toʻsatdan kasallikka chalinish va baxtsiz hodisalar roʻy berganda zarur tibbiy yordam;
3) bepul turar joy;
4) mamlakatga kirish, turish va ishga joylashish (bepul: yillik koʻp marotabali viza, ishga ruxsatnoma va roʻyxatga qoʻyish) bilan bogʻliq kerakli rasmiyatchiliklarni bajarishda yordam koʻrsatish.
Oʻzbekiston tomoni oʻqituvchilar va professor-oʻqituvchilar tarkibining turar joylaridan ish joylariga borib-kelish transport xarajatlarini qoplaydi. Yuborilayotgan shaxslarning hujjatlari diplomatik kanallar orqali yetkaziladi.
26-modda
Mazkur Dasturning kuchga kirishidan avval oliy oʻquv yurtlari, aspiranturaga va stajirovkaga kirishgan shaxslar avval belgilangan shartlar asosida oʻqishni uning tugashiga qadar davom ettiradilar.
VI. Umumiy va yakuniy qoidalar
27-modda
Dastur taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning boshqa turlarining amalga oshirilishi imkoniyatlarini ularni diplomatik kanallar orqali kelishish sharti bilan inkor qilmaydi.
28-modda
Ushbu Dasturni qoʻllash va talqin qilish bilan bogʻliq nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, Tomonlar ularni diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
29-modda
Dastur imzolangan kundan kuchga kiradi va 2006-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi.
Dastur yangi Dasturning kuchga kirishiga qadar, biroq 2007-yil 31-dekabrgacha oʻz kuchida qoladi.
Toshkent shahrida 2004-yil 25-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, polyak va rus tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil asl hisoblanadi. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, rus tilidagi matn hal qiluvchi hisoblanadi.
(imzolar)
