Avtomobillarda xalqaro yoʻlovchi va yuk tashishni oʻzaro tartibga solish boʻyicha
Avtomobillarda xalqaro yoʻlovchi va yuk tashishni oʻzaro tartibga solish boʻyicha
21.11.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻzaro manfaatli asoslarda avtomobillarda xalqaro yoʻlovchi va yuklarni bevosita va tranzit tashishni yengillashtirish va tartibga solish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining tashuvchilari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga tashuvchi joylashgan Ahdlashuvchi Davlat mamlakatida roʻyxatdan oʻtkazilgan avtotransport bilan ushbu Bitim qoidalariga muvofiq holda yoʻlovchi va yuklarni bevosita va tranzit tashishlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻladilar.
I. Yoʻlovchi tashish
1.1. Qoʻllash sohasi
2-modda
Ikki Ahdlashuvchi Tomon hududiga fuqarolarning kelishi va unda boʻlishiga doir amaldagi qonunchilik meʼyorlariga muvofiq ushbu Bitim, haydovchi oʻrnini ham qoʻshib hisoblaganda toʻqqiz oʻrindiqdan koʻp boʻlgan, yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport (avtobus) bilan ikki mamlakat orasida amalga oshiriladigan xalqaro yoʻlovchilar tashish, shuningdek tranzit tashishlarga tatbiq etiladi.
1.2. Ikki mamlakat orasida muntazam tashishlar
3-modda
1. Ushbu Bitimga binoan yoʻlovchilarni oldindan belgilangan va eʼlon qilingan jadval hamda tariflarga binoan marshrut avtobuslarda tashishlar muntazam tashishlar deb hisoblanadi.
2. Mazkur tashishlarda yoʻlovchilarni oxirgi punktlar hamda boshqa belgilangan joylarda chiqarish va tushirishga ruxsat beriladi.
3. Ushbu Bitim qoidalari va yoʻlovchilarni marshrut boʻyicha tashishni tartibga soluvchi milliy qonunlarga binoan, tashuvchilar joʻnash va toʻxtash joylarida, boʻsh joylar boʻlgan taqdirda, har qanday yoʻlovchilarni chiqarib olishga majburdirlar.
4-modda
Muntazam tashishlar ushbu Bitimning 25-moddasida koʻrsatilgan vakolatli organlarning birgalikdagi oʻzaro roziligi boʻyicha va 26-modda bilan koʻzda tutilgan Aralash Komissiya taʼriflari asosida tashkil etiladi.
5-modda
1. Yoʻlovchilarni muntazam tashish boshqa shaxsga berish huquqisiz tegishli ruxsatnomalar asosida tashkil etiladi.
2. Ruxsatnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan ushbu organlar erishgan boshqa bitimlardan istisno tarzda, oʻzaro asosda milliy hududdan oʻtadigan marshrut qismi uchun beriladi.
3. Ruxsatnomalarning amal qilish muddati Aralash Komissiya tomonidan belgilanadi.
4. Ruxsatnoma tashuvchi tomonidan tashuvchi joylashgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlariga taqdim etiladigan soʻrov asosida muntazam tashishlarni amalga oshirish uchun ishlatiladi.
5. Soʻrovda muayyan bir yilga belgilangan marshrut, Aralash Komissiya tomonidan oʻzaro kelishuvi asosida belgilangan tariflar koʻrsatilgan va Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari soʻrashi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar boʻlishi lozim. Soʻrovga bekatlar hamda kilometraj koʻrsatilgan marshrut plani ilova qilinadi.
6. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining vakolatli organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlariga tegishli ilovalarga ega boʻlgan soʻrovni beradilar.
7. Vakolatli organlar Aralash Komissiya tomonidan belgilangan qoidalar asosida soʻrovni bajaradilar.
8. Ruxsatnomaning asl nusxasi tashishlar amalga oshirilayotganda avtotransport bortida boʻlishi kerak.
6-modda
Tashuvchilar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida ichki tashishlarni amalga oshirish huquqiga ega emas.
1.3. Muntazam tranzit tashishlar
7-modda
1. Ushbu Bitimga binoan Ahdlashuvchi Tomonlardan biri hududidan boshqa mamlakat hududini kesib oʻtib, uchinchi mamlakatga yetish uchun joʻnagan yoʻlovchilarni tashishlar muntazam tranzit tashishlar deb hisoblanadi, bunda ikkinchi mamlakat hududida bironta yoʻlovchi tushirib qoldirilmasligi yoki chiqarib olinmasligi shart.
2. Muntazam tranzit tashishlar kesib oʻtilayotgan mamlakatning vakolatli organlari beradigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi; bu vakolatli organlarga tashuvchi oʻz mamlakatining vakolatli organlari orqali tegishli soʻrov yuboradi.
1.4. Nomuntazam tashishlar
8-modda
Ushbu Bitimga binoan quyidagilar nomuntazam tashishlar deb hisoblanadi:
1) Bir transport bilan muayyan yoʻlovchilarni transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakat hududida boshlanadigan va shu joyga qaytib kelganida tugaydigan tashishlar (yopiq eshikli safarlar).
2) Boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga toʻla holda kirish va transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakatga boʻsh qaytish (boʻsh qaytishli safarlar).
3) Tashuvchi bilan buyurtmachi oʻrtasida oldindan tuzilgan bitim asosida transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakatga guruhlarni tashib oʻtkazish uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga boʻsh holda kirish (boʻsh kirishli safarlar).
9-modda
1. Ushbu Bitim 8-moddasining 1) va 2) bandlarida koʻrsatilgan tashishlar, jumladan tranzit tashishlar, ruxsatnoma olish zaruratisiz amalga oshiriladi.
2. Bunday hollarda avtobus haydovchisi bortda yoʻlovchilar roʻyxatiga ega boʻlishi kerak.
3. Avariyaga uchragan avtobus Aralash Komissiya tomonidan belgilangan qoidalar boʻyicha ruxsatnoma olmasdanoq boshqa avtobus bilan almashtirilishi mumkin.
4. Ushbu Bitim 8-moddasining 3) bandida koʻzda tutilgan hollarda tashuvchi mamlakatining vakolatli organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomondan ruxsatnoma soʻrashi lozim. Vakolatli organlar Aralash Komissiya tomonidan ushbu Bitimning 26-moddasida koʻrsatilgan ruxsatnoma blanklarining bir yillik kontingenti bilan almashadilar.
1.5. Boshqa tartibda avtobus tashishlari
10-modda
1. Ushbu Bitimning avvalgi moddalarida koʻrsatilmagan barcha avtobus tashishlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlarining bir martalik ruxsatnomasini olish lozim.
2. Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlariga yoʻllangan soʻrov asosida tashuvchiga ruxsatnoma beriladi.
3. Soʻrov sayohatdan maqsad, marshrut, yetib borish punkti, foydalanilayotgan avtotransport va Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan oʻzaro kelishuvga binoan talab etilishi mumkin boʻlgan boshqa barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining vakolatli organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlariga barcha zarur ilovalar bilan birga soʻrov yuboradilar.
5. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari soʻrov olingach, oʻttiz kun muddat ichida oʻz qarori haqida xabar beradilar.
6. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ijobiy javobi olingach, tashuvchi mamlakatining vakolatli organlari tegishli ruxsatnomani beradilar.
II. Yuklarni tashish
2.1. Ikki mamlakat orasidagi tashishlar hamda tranzit tashishlar
11-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tashuvchisi bir mamlakatdan ikkinchisiga yuk tashish uchun ikkinchi mamlakatning vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomaga ega boʻlishi kerak, bundan ushbu Bitimning 12- va 13-moddalarida koʻrsatilgan yoki Aralash Komissiyaning qarori boʻyicha ruxsatnoma olishdan ozod etiladigan hollar mustasnodir.
2. Bu ruxsatnoma boshlangʻich va oxirgi punktlar orasida bir marotaba qatnash uchun yaroqli boʻladi.
3. Yuklarni tashish vaqtida transport vositalari va haydovchilarning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kirishi, harakati va boʻlishi oʻzarolik negizida Davlat xavfsizligi talablariga binoan alohida sharoitlarga, nazorat va ehtiyot choralariga tushishi mumkin.
12-modda
1. Quyida sanab oʻtiladigan yuk tashishlar uchun, agar ikkala Ahdlashuvchi Tomon hududlariga yuklarning kirishi va olib chiqilishi tartibi boʻyicha qoidalar ruxsatnomalar olinishini taqozo etmasa, avvalgi moddada koʻrsatilgan ruxsatnomalar boʻlishi shart emas:
1) oʻlikni koʻmishga daxldor tashishlar;
2) koʻrgazmalar uchun moʻljallangan tovarlarni tashish;
3) uchish bekor qilingan holda yuklarni aeroportga yoki aeroportdan bir marotabalik tashish;
4) yoʻlovchilarni tashishga moʻljallangan transport vositalariga mahkamlangan tirkamalarda bagajni tashish va aeroport tomonga yoxud undan qaytish yoʻnalishida bagajlarni istalgan transport turida tashish;
5) pochta yukini tashishlar;
6) tez tibbiy yordam lozim boʻlgan hollarda, birinchi navbatda tabiiy ofat chogʻida zarur predmetlarni tashish;
7) politsiya yoki boshqa qoʻriqlash organlari kuzatuvida maxsus transport vositalarida qimmatli yuklar (masalan, qimmatbaho metallar)ni tashish;
8) havo floti va dengiz floti uchun ehtiyot qismlarni tashish;
9) boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida yaroqsiz holga kelgan transport vositasini almashtirish uchun ichi boʻsh transport vositasini koʻchirish, shuningdek avariyaga uchragan transportning taʼmirdan chiqarilgach, boʻsh qaytib kelishida. Yukning almashtirilgan transport vositasida tashilishi davom ettirilishi yaroqsiz holga kelgan transport vositasi uchun berilgan ruxsatnomadan foydalangan holda amalga oshiriladi.
2. Ushbu moddadagi ruxsatnoma talab etilmaydigan tashishlar roʻyxati Aralash Komissiya tarafidan oʻzgartirilishi mumkin.
3. Ushbu moddada koʻrsatilgan tashishlarni amalga oshirishda bu sohada amal qiladigan maxsus qoidalarda koʻzda tutilgan turli tarzdagi talablar ham hisobga olinadi.
13-modda
1. Olingan ruxsatnomani boshqa shaxsga berish mumkin emas, u tashuvchiga bir yoki bir necha transport birliklari(tirkamasiz yuk mashinasi, avtopoyezd, shatakchi)da mazkur ruxsatnomada koʻrsatilgan muddatning boshidan oxirigacha, ammo bir yildan oshmagan vaqt mobaynida, tashishlarni amalga oshirish huquqini beradi.
2. Agar Tomonlar boshqacha kelishib olgan boʻlmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlar hududida tranzit tashishlar uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
3. Ushbu Bitimga binoan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududi orqali uchinchi mamlakatga tranzit amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida yuk tushirmagan yoki undan yuk olmagan holda tashishlar tranzit tashishlar deb hisoblanadi.
14-modda
1. Ahdlashuvchi Tomon hududida shu Tomon hududida tushirish uchun yuk olish taqiqlanadi.
2. Shuningdek, ruxsatnomalar tegishli miqdorini belgilovchi Aralash Komissiya boshqacha tarzda hal etgan boʻlmasa va zarurat tugʻilgan hollarda uchinchi mamlakatning ruxsatnomasi olingan boʻlmasa, bir Tomon hududida milliy tashuvchilar ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon va uchinchi mamlakat orasida hamda aksincha tarzda tashishlarni amalga oshirishlari ham taqiqlanadi.
III. Umumiy qoidalar
15-modda
1. Ikkala mamlakatning vakolatli organlari amaldagi milliy normalardan kelib chiqqan holda tashuvchining kasbiy va texnikaviy imkoniyatlariga, transport vositalarining yaroqliligiga, yoʻl hujjatlarining ahvoliga, haydovchilarning boshqarish qobilligiga, uchinchi hamda tashilayotgan yoʻlovchilar oldida sugʻurta qoplamasi hamda ehtiyot shart uchun maksimal mablagʻlarni belgilaydilar.
2. Tovarlarning yoʻllanma hujjatlari tashishlar amalga oshiriladigan Tomon amaldagi qonunlarining normalariga muvofiq kelishi kerak.
16-modda
Hujjatlarni berish, yoʻlovchilar va yuklarni tashish uchun talab etiladigan hujjatlarni toʻldirish, roʻyxatga olish jurnallarini toʻldirish hamda vakolatli organlar orasida almashish uchun statistik maʼlumotlarni toʻplab borish tartibi Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli organlarining umumiy bitimi bilan belgilanadi.
17-modda
1. Ushbu Bitimda belgilangan tashuvchilar va tashishlar amalga oshiriladigan transport vositalarining xodimlari transport vositalari qaysi Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlsa, oʻsha joydagi tegishli yoʻl harakati va transport normalariga amal qilishga majburdirlar.
2. Avvalgi bandda koʻrsatilgan qoidalarni buzganlik uchun bu qoidalar qaysi Ahdlashuvchi Tomon hududida buzilgan boʻlsa, uning vakolatli organlari oldida javobgarlik belgilanadi.
18-modda
1. Ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tashuvchilari tashish amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida amalda boʻlgan valyuta va soliq normalariga rioya qilishga majburdirlar.
2. Aralash Komissiya ikkala mamlakat qonunlarida yoʻl qoʻyiladigan soliq imtiyozlarini taklif qilishi mumkin.
19-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatga olingan transport vositalarining oʻz hududiga bojxona boji solinishidan vaqtinchalik ozod qilingan holda, taqiq va cheklashlarsiz kirib kelishga yoʻl qoʻyishi mumkin, bunda mazkur vositalar qayta eksport qilinishi shart.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bu transport vositalari milliy hududda amal qiladigan vaqtinchalik import rejimiga tegishli bojxona protseduralaridan oʻtkazilishini talab qilishlari mumkin.
20-modda
1. Transport vositasining haydovchisi va ekipajning boshqa aʼzolari zarur shaxsiy buyumlarni bojxona boji solinmagan holda, safar ehtiyojlariga kerak boʻladigan darajada va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlish muddatlariga mutanosib miqdorda vaqtincha import qilishlari mumkin, bunda mazkur buyumlar uchinchi shaxslarga berib yuborilmasligi shart.
2. Shuningdek, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida amal qiladigan bojxona qonunlariga muvofiq ravishda sayohat davomida isteʼmol qilinadigan darajada oziq-ovqat mahsulotlari hamda shaxsiy ehtiyojga yarasha ozroq miqdorda tamaki, sigara va sigaretlar ham boj toʻlashdan ozod qilinadi.
3. Bu imtiyozlar yoʻlovchilar vaqtincha foydalanadigan buyumlarni vaqtincha istisno qilgan holda bojxona maʼmurlari tomonidan import borasida belgilangan shart-sharoitlarga muvofiqlashtiriladi.
21-modda
Transport vositalarining meʼyordagi baklaridagi vaqtincha olib kirilayotgan yoqilgʻi va yonilgʻi taqiq va cheklashlarsiz bojxona bojidan ozod qilinadi; meʼyordagi bak deganda muayyan transport vositasining turi uchun ishlab chiqaruvchi tomonidan koʻzda tutilgan idishlar tushuniladi.
22-modda
1. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan tashishlarni amalga oshirayotgan, kiritib boʻlingan transport vositasini taʼmirlash uchun moʻljallangan ehtiyot qismlar taqiq va cheklashlarsiz Ahdlashuvchi Tomonlarning amaldagi qonunlarida koʻzda tutilgan rasmiyatlarga amal qilingan holda boj toʻlashdan ozod qilinadi.
2. Almashtirilgan, ammo olib chiqib ketilmagan ehtiyot qismlarga, agar mamlakat qonunlariga binoan ular shu mamlakatga bepul berilmasa yoki bojxona xizmati nazoratida egasi hisobidan yoʻq qilib yuborilmasa, boj solinishi darkor.
23-modda
1. Ushbu Bitim asosida amalga oshirilgan tashishlar uchun haq toʻlash toʻlov kuni amal qilayotgan bozor kursida erkin almashtiriladigan valyuta hisobidan amalga oshiriladi.
2. Tegishli pul joʻnatmalari cheklashlarsiz hamda tegishli soliqlar hisobidan oldindan toʻlovlarni ushlab qolish asosida amalga oshirilishi lozim.
3. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar orasida toʻlovlar yuzasidan Bitim tuzilsa, mazkur toʻlovlar ushbu Bitim qoidalariga binoan amalga oshiriladi.
24-modda
Boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ushbu Bitim qoidalari buzilsa, buzish hollari yuz bergan mamlakatda qoʻllanadigan sanksiyalar saqlangani holda, qoidani buzgan transport vositasi roʻyxatga olingan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari bergan maʼlumotlar boʻyicha, quyidagi sanksiyalardan birini qoʻllaydilar:
1) ogohlantirish;
2) qoidabuzarlik yana takrorlansa, 3- va 4-bandlardagi choralar qoʻllanishi toʻgʻrisida ogohlantirish;
3) qoidabuzarlik amalga oshirilgan mamlakatga tashishlarni bajarish uchun ruxsatnomaning amal qilishini vaqtinchalik toʻxtatish;
4) qoidabuzarlik amalga oshirilgan mamlakatga tashishlarni bajarish uchun ruxsatnomaning olib qoʻyilishi.
25-modda
1. Ushbu Bitim moddalarini talqin qilish va qoʻllash borasidagi bahslar Ahdlashuvchi Tomonlarning maslahatlashishlari va ikki tomonlama muzokaralari orqali hal qilinadi.
2. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan:
Ichki ishlar vazirligi,
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi,
“Oʻzavtoyoʻl” Davlat-hissadorlik konserni;
Italiya Respublikasi Hukumati tomonidan:
Transporti va navigatsiya vazirligi,
Quruqlik transporti Departamenti, Avtotransport, yoʻlovchilar va yuklar boʻlimi.
26-modda
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish va qoidalarini qoʻllash maqsadida, shuningdek joriy muammolarni hal etish uchun vakolatli organlarning teng miqdordagi vakillaridan tashkil topadigan Aralash Komissiya tuziladi, uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:
1) yoʻlovchilarni muntazam tashish yuzasidan, bu xizmatlarni bajarish borasida oʻzaro manfaatli usullar imkoniyatini kelishish imkoniyati bilan fikr almashish;
2) umumiy kelishuvlar asosida 8, 9, 11 va 14-moddalarda koʻzda tutilgan yoʻlovchilar va yuk tashish boʻyicha ruxsatnomalar miqdorini yoki yuklarni ikki tomonlama tashishda ruxsatnoma olish majburiyatidan ozod qilishni belgilash;
3) 5, 8, 9, 10 va 11-moddalarda koʻzda tutilgan ruxsatnomalar namunasini taqdim etish va uni berish tartibini tayinlash;
4) ushbu Bitim qoidalarini bajarishda kelib chiqadigan muammo va masalalarni hal etish;
5) ikkala mamlakat orasida yoʻllarda tashish rivojini kuchaytiradigan tadbirlarni qoʻllash;
6) ikkala mamlakatning amaldagi qonunlari doirasida, oʻzarolik prinsipiga asoslangan soliq imtiyozlari berish imkonini oʻrganish.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining taklifi bilan har ikkala mamlakat hududida navbatma-navbat oʻtkaziladigan Aralash Komissiyaning yigʻilishlariga vakillar tayinlaydilar.
27-modda
Ushbu Bitim yoki ikkala Ahdlashuvchi Tomon qoʻshilgan xalqaro bitimlar orqali tartibga solinmagan barcha masalalarda har bir Ahdlashuvchi Tomonning ichki qonunlari qoʻllanadi.
28-modda
1. Yoʻlovchilar va yuklarni tashishga moʻljallangan transport vositalarining haydovchi hamda xodimlari tashish bajarilayotgan Ahdlashuvchi Tomonda amal qiladigan qonunlar va maʼmuriy tartiblarga, xususan, tegishli hududga kirish va undan chiqish boʻyicha milliy normativlarga rioya qilishga majburdirlar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar, davlat xavfsizligi qonunlari, shuningdek yuklarni tashishda nazorat qilish taqozo etgan hollarda oʻzaro kelishuvga muvofiq yurish erkinligini cheklashga haqlidirlar.
Yakuniy qoidalar
29-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan diplomatik kanallar orqali uni kuchga kiritish borasida zarur ichki protseduralar bajarib boʻlingani toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim bir yil muddatga tuziladi hamda Tomonlardan biri uni toʻxtatish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda va diplomatik kanallar orqali amal qilish muddati tugashidan kamida uch oy ilgari xabardor qilmasa, keyingi yillik davrlar uchun ham oʻz kuchini saqlab qoladi.
Rim shahrida 2000-yil 21-noyabrda ikki asl nusxada, oʻzbek va italyan tillarida tuzildi, ikkala matn bir xil kuchga ega.