11-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining asosiy vakolatlari
Avtomobil transporti toʻgʻrisida (674-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari avtomobil transportini rivojlantirish kompleks mintaqaviy dasturlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining avtomobil transport sohasidagi asosiy vakolatlari quyidagilardir:
avtomobil transportini rivojlantirish kompleks mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga kiritish hamda tasdiqlangan dasturni amalga oshirish;
avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga, barcha tashuvchilarning faoliyati uchun teng sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
avtomobil transportining moddiy-texnika va ijtimoiy negizini mustahkamlashga koʻmaklashish.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq avtomobil transporti sohasida boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
