19-modda. Davlat tasarrufidan chiqarilayotgan va xususiylashtirilayotgan korxonalarning xodimlariga beriladigan yengilliklar va kafolatlar
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida (425-XII-son) · Sana: 19.11.1991 · Amalda
1. Davlat korxonalari davlat tasarrufidan chiqarilayotganda va xususiylashtirilayotganda mehnat faxriylariga, shu korxonadan pensiyaga chiqqan shaxslarga hamda korxonada kamida 10 yil ishlagan mehnat jamoasining aʼzolariga aksiyalar va boshqa mulk boʻlib-boʻlib haq toʻlash orqali sotilishi mumkin.
2. Davlat korxonalarining mol-mulkini sotib olish chogʻida mehnat jamoasining aʼzolari, ular tomonidan tuzilgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlar boshqa sharoitlari teng boʻlganida oʻzga fuqarolar va yuridik shaxslarga nisbatan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari esa boshqa xaridorlarga nisbatan ustuvor huquqqa ega boʻladilar.
Davlat korxonasining mol-mulki shu korxona mehnat jamoasi tomonidan sotib olinayotganida korxona balansida turgan ijtimoiy infrastruktura hamda atrof-muhitni muhofaza qilish obyektlarining qiymati sotilayotgan obyekt narxiga qoʻshilmaydi.
3. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish oqibatida qayta tuzilgan korxonalarga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq soliq toʻlashda yengilliklar berilishi mumkin.
4. Davlat tasarrufidan chiqarilayotgan va xususiylashtirilayotgan korxonalar mehnat jamoalarining aʼzolariga quyidagi kafolatlar beriladi:
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish amalga oshirilayotgan davrda korxona maʼmuriyati ilgari tuzilgan jamoa shartnomasining barcha qoidalariga rioya etishga majburdir;
egalik huquqi yangi mulkdorga oʻtgan kundan boshlab olti oy davomida mulkdor bilan korxona mehnat jamoasi oʻrtasida yangi jamoa shartnomasi tuziladi.
5. Boʻshatilayotgan xodimlarni ishga joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi hamda ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
