5-modda. Dehqon xoʻjaliklariga yer ajratish
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (654-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun ayrim shaxslarga meros qoldirish huquqi bilan umrbod egalik qilish, kamida 10 yil muddat bilan foydalanish uchun yoki ijaraga yer uchastkalari ajratiladi.
2. Dehqon xoʻjaligi ishlab chiqarish maqsadida qoʻshimcha yer uchastkalarini ijaraga olishi mumkin.
3. Dehqon xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas.
4. Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkasining sahni har bir alohida holda mahalliy sharoitni (erning unumdorligi, suv bilan taʼminlanganligi, suv berish usullari, jamoa xoʻjaligi yoki davlat xoʻjaligidagi mehnatga layoqatli har bir shaxs yer bilan oʻrtacha qay darajada taʼminlanganligi, shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarini yuritish uchun, aholi punktlarini kengaytirish va boshqa maqsadlar uchun qishloq xoʻjaligi maydonlariga boʻlgan talabni va boshqa holatlarni), shuningdek dehqon xoʻjaligi qancha kishidan iborat ekanligini hisobga olgan holda tuman hokimi tomonidan belgilanadi.
5. Yer uchastkalari dehqon xoʻjaliklariga odatda sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari boʻlgan va dala yoʻllari oʻtkazilgan yaxlit maydondan ajratib beriladi.
6. Dehqon xoʻjaligi yuritish istagini bildirgan shaxslar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga yer ajratib berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etadilar. Arizada soʻralayotgan yer maydoni qayerda joylashganligi, uning sahni, dehqon xoʻjaligining tarkibi koʻrsatiladi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni tashkil etish dasturi taqdim etiladi.
7.Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yer ajratish toʻgʻrisidagi arizani 15 kunlik muddat ichida qarab chiqadi va arizachining iltimosini qoʻllab-quvvatlagan taqdirda tuman hokimidan yer ajratishni soʻraydi, hokim ariza berilgan kundan boshlab uzogʻi bilan ikki oy muddat ichida dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Hokimning yer uchastkasi berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
8. Dehqon xoʻjaliklariga yer ajratish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun xalq deputatlari tuman Kengashining deputatlaridan, Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar va dehqon xoʻjaliklari uyushmasi, kasaba uyushmasi, qishloq va suv xoʻjaligi organlari vakillaridan iborat tarkibda tuman komissiyasi tuziladi.
9. Ushbu hududda yashaydigan shaxslar yer maydoni olishda ustun huquqqa ega boʻladilar.
