“984-modda. Davlat tomonidan lotereyalar oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish hamda oʻtkazishni tartibga solish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-109-son) · Sana: 14.09.2007 · Amalda
Lotereyalar tashkilotchisi — davlat, vakolatli davlat organidan ruxsatnoma (litsenziya) olgan shaxslar va lotereyalar ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlar shartnomaga asoslanadi. Bunday shartnoma lotereya bileti berish orqali rasmiylashtiriladi va ishtirokchi lotereya bileti qiymatini toʻlagan paytdan eʼtiboran tuzilgan deb hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnomani tuzish toʻgʻrisidagi taklif lotereyalar oʻtkazish muddati va yutuqni aniqlash tartibi hamda uning miqdori haqidagi shartlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.
Lotereyalar tashkilotchisi ularni belgilangan muddatda oʻtkazishdan bosh tortgan taqdirda, lotereyalar ishtirokchilari ularning tashkilotchisidan lotereyalarni qoldirish yoki ularning muddatini boshqa vaqtga koʻchirish tufayli yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
Lotereyalar oʻtkazish shartlariga muvofiq yutgan deb eʼtirof etiladigan shaxslarga lotereyalarni oʻtkazish shartlarida nazarda tutilgan miqdorda, shaklda (pul yoki buyum holida) va muddatlarda, agar bu shartlarda muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, lotereyalar natijalari chiqarilgan paytdan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay lotereyalar tashkilotchisi tomonidan yutuq toʻlanishi lozim.
Lotereyalar tashkilotchisi ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, lotereyada yutgan ishtirokchi lotereyalar tashkilotchisidan yutuqni toʻlashni, shuningdek shartnomaning tashkilotchi tomonidan buzilishi tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli”.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 14-sentabr,
OʻRQ-109-son
