92-modda. Adjaster
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-108-son) · Sana: 14.09.2007 · Amalda
Adjaster sugʻurtalovchining (sugʻurta qildiruvchining) topshirigʻi boʻyicha quyidagi xizmatlarni koʻrsatuvchi, oʻz shtatida tegishli mutaxassislarga ega boʻlgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir:
sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin sugʻurta obyektini koʻzdan kechirish va tekshirish;
sugʻurta hodisasi faktlarini va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish;
sugʻurta obyektining shikastlanish sabablarini va sugʻurta hodisasi mavjudligini aniqlash;
sugʻurta hodisasi mavjud boʻlgan taqdirda — sugʻurta hodisasi oqibatida vujudga kelgan shikastlanish darajasi va zarar miqdorini belgilash;
toʻlanishi kerak boʻlgan sugʻurta tovoni summasini aniqlash;
sugʻurtalovchi uchun sugʻurta hodisasi boʻyicha xulosa tuzish.
Adjaster oʻz faoliyatini sugʻurtalovchi (sugʻurta qildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Adjaster:
sugʻurtalovchi sifatida sugʻurta va qayta sugʻurta qilish operatsiyalari oʻtkazishga;
sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sugʻurtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Adjaster xizmati koʻrsatish natijalari hisobot tarzida rasmiylashtirilib, undan sugʻurtalovchi zararlarning oʻrnini qoplash va nizolarni hal qilish chogʻida foydalanishi mumkin.
Adjasterning hisobotida koʻrsatilgan xulosalar mustaqil sugʻurta ekspertizasi jarayonida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
