“91-modda. Sugʻurta agentining huquq va majburiyatlari
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-108-son) · Sana: 14.09.2007 · Amalda
Sugʻurta agenti quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida sugʻurtaning har qanday turi, shu jumladan majburiy sugʻurta turlari boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirish;
sugʻurtaga qabul qilinayotgan sugʻurta tavakkalchiligini baholashda, sugʻurta hodisasi yuz berganda sugʻurta toʻlovini toʻlashda va sugʻurta qildiruvchining sugʻurta mukofotini toʻliq hajmda hamda sugʻurta shartnomasida belgilangan muddatlarda toʻlashida zarur koʻmak koʻrsatish;
sugʻurtalovchidan litsenziyaning mavjudligi, ustav fondi miqdorlari, sugʻurta zaxiralari hamda qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisida, shuningdek sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa koʻrsatkichlar toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
sugʻurta shartnomasi (sugʻurta polisi) tuzish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish;
sugʻurta qildiruvchidan qabul qilib olinayotgan tavakkalchiliklar toʻgʻrisida sugʻurtalovchiga toʻliqroq axborot berish maqsadida barcha uchun ochiq boʻlgan manbalardan tavakkalchilik va sugʻurta qildiruvchi toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchining shaxsiy hayotiga aralashmagan holda maʼlumotlar toʻplash.
Sugʻurta agenti qonun hujjatlariga va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Sugʻurta agenti:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
sugʻurta shartnomasi tuzishda va sugʻurta tovoni toʻlashda hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirishga koʻmaklashishi;
sugʻurta tariflari, sugʻurtalovchilar tomonidan taklif etilayotgan sugʻurta shartlari haqida, litsenziyaning mavjudligi, ustav fondi miqdorlari, sugʻurta zaxiralari hamda qabul qilingan majburiyatlar toʻgʻrisida, shuningdek sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa koʻrsatkichlar haqida axborotga ega boʻlishi;
sugʻurta shartnomasini rasmiylashtirishda sugʻurta qildiruvchi toʻgʻrisida zarur axborotga ega boʻlishi, unga sugʻurta tavakkalchiligini pasaytirish va sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimolini kamaytirishga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirishni taklif etishi;
sugʻurta qildiruvchilarning soʻroviga koʻra ularga sugʻurtaning amaldagi shartlari toʻgʻrisida axborot berishi;
