38-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini toʻxtatish, denonsatsiya qilish yoki toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi takliflar
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (172-I-son) · Sana: 22.12.1995 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilishini toʻxtatish, denonsatsiya qilish yoki toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi takliflar tegishli tarzda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mustaqil ravishda yoki boshqa vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga kiritiladi. Tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilinishini toʻxtatish, denonsatsiya qilish yoki toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi takliflarni Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga kiritib, ayni bir paytning oʻzida Tashqi ishlar vazirligini xabardor qilishga haqlidir. Boshqa vazirliklar va idoralar xalqaro shartnomalarning amal qilishini toʻxtatish, denonsatsiya qilish yoki toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi takliflarni Tashqi ishlar vazirligiga kiritadilar.
