“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (167-I-son)
21.12.1995
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga mukammal oʻtishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1989-yil, № 26-28, 453-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 21-dekabr,
167-I-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
Davlat tili haqida
(yangi tahriri)
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir.
2-modda.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi.
3-modda.
Oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilab beriladi.
Tilning Qoraqalpogʻiston Respublikasida amal qilishiga bogʻliq masalalar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha ish yuritish va rasmiy hujjatlarni qabul qilish tili belgilanishi mumkin.
Ushbu Qonun tillarning turmushda, shaxslararo muomalada hamda diniy va ibodat bilan bogʻliq udumlarni ado etishda qoʻllanishini tartibga solmaydi.
Fuqarolar millatlararo muomala tilini oʻz xohishlariga koʻra tanlash huquqiga egadirlar.
4-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat tilini oʻrganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit hamda uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda boʻlish taʼminlanadi, bu tillarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi.
Fuqarolarga davlat tilini oʻqitish bepul amalga oshiriladi.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat tilida faoliyat koʻrsatadigan, milliy guruhlar zich yashaydigan joylarda esa — ularning tillarida faoliyat koʻrsatadigan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish taʼminlanadi.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarga taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda ham umumiy, hunar-texnika, oʻrta maxsus va oliy maʼlumot olishni taʼminlaydi.
7-modda.
Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda oʻzbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi.
Davlat oʻzbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini taʼminlaydi, shu jumladan unga hamma eʼtirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga taʼminlaydi.
Yangi ilmiy asoslangan atamalar jamoatchilik muhokamasidan keyin va Oliy Majlis palatalari tegishli qoʻmitalarining roziligi bilan oʻzbek tiliga joriy etiladi.
8-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi.
Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Muayyan millat vakillari zich yashaydigan joylarda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining hujjatlari respublika davlat tilida hamda mazkur millat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi.
9-modda.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi taʼminlanadi.
Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro anjumanlarda davlat tili, shuningdek qatnashchilarning oʻzlari tanlagan tillar anjumanning ish tili hisoblanadi.
10-modda.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.
11-modda.
Sudlov ishlarini yuritish davlat tilida yoki oʻsha joydagi koʻpchilik aholi tilida olib boriladi. Ishda ishtirok etayotgan, sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarga tarjimon orqali ishga oid materiallar bilan tanishish, sud jarayonida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi iqtisodiy nizolarni koʻrib chiqish va hal qilishda davlat tili qoʻllaniladi. Iqtisodiy nizolar taraflarning roziligi bilan boshqa tilda ham koʻrib chiqilishi mumkin.
12-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Fuqarolarning talabiga koʻra rasmiylashtirilgan hujjat matni notarius yoki notarial harakatni bajarayotgan shaxs tomonidan rus tilida yoki imkoniyat boʻlgan taqdirda — boshqa maqbul tilda beriladi.
13-modda.
Fuqarolik holatini qayd etuvchi hujjatlar, shaxsning kim ekanligini va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar davlat tilida rasmiylashtiriladi, zaruriyatga qarab boshqa tilda tarjimasi takrorlanishi mumkin.
14-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi taʼminlanadi.
15-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, oʻz millatidan qatʼi nazar, oʻz ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy anʼanalarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar.
16-modda.
Televideniye va radio eshittirishlari davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda olib boriladi.
17-modda.
Noshirlik faoliyati davlat tilida, ehtiyojlarni hisobga olgan holda esa, boshqa tillarda ham amalga oshiriladi.
18-modda.
Pochta-telegraf joʻnatmalari davlat tilida yoki fuqarolarning xohishiga koʻra — boshqa tilda amalga oshiriladi.
19-modda.
Muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari muhrlari, tamgʻalari, ish qogʻozlarining matnlari davlat tilida boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan xalqaro tashkilotlar va muassasalar, qoʻshma korxonalarning, shuningdek milliy madaniyat jamiyatlari va markazlarining muhrlari, tamgʻalari, ish qogʻozlari matnlarining tarjimasi davlat tilida takrorlanadi.
20-modda.
Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.
21-modda.
Korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yoʻriqnomalar, etiketkalar bilan taʼminlanadi.
22-modda.
Geografik obyektlarning nomlari davlat tilida aks ettiriladi.
23-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi matnlari, agar shartnomaning oʻzida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat tilida va ahdlashuvchi tomonning (tomonlarning) tilida yoziladi.
24-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning oʻzaro muomala, tarbiya va taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
