53-modda. Xayriya qutilarini oʻrnatish va ulardan foydalanish
Homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-96-son) · Sana: 02.05.2007 · Amalda
Homiylik xayriyalarini yigʻish uchun xayriya qutilaridan faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi va homiylik oluvchi yuridik shaxslar foydalanadi.
Xayriya qutisi shaffof boʻlishi va uni ochish joyi homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan imzolangan hamda homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning muhri bilan muhrlangan qogʻozli plomba yoki raqamlangan plomba bilan plombalangan boʻlishi shart.
Homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan xayriya qutisida homiylik xayriyalarini yigʻish maqsadi toʻgʻrisidagi axborot, oʻzining rasmiy nomi va yuridik manzili, u bilan aloqa bogʻlashga doir maʼlumotlar, shuningdek rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi maʼlumotlar joylashtirilishi shart.
Xayriya qutisini oʻrnatish koʻchmas mulk egasi yoki u vakolat bergan shaxs va homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs oʻrtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi (bundan koʻchmas mulk homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning egaligida yoki foydalanishida boʻlgan hollar, shuningdek xayriya qutisining homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan tashkil etiladigan tadbir joyida va tadbir vaqtida oʻrnatilganligi hollari mustasno). Xayriya qutisini koʻchmas mulk hududida saqlash shartlari shartnomada koʻrsatiladi.
Xayriya qutisidagi yigʻilgan pul mablagʻlari xayriya qutisi toʻlganda, toʻplangan mablagʻlardan foydalanish ehtiyoji yuzaga kelganda yoki homiylik xayriyalarini yigʻish muddatlari tugaganda olinadi.
Xayriya qutisi homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning vakolatli xodimi tomonidan kamida ikki nafar xolis hozirligida xayriya qutisi oʻrnatilgan joyda ochiladi va hisoblab chiqiladi. Xayriya qutisini ochish va mablagʻlarni hisoblab chiqish jarayoni videoyozuvga olinadi.
Xayriya qutisidan olingan pul mablagʻlarining miqdori homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning vakolatli xodimi va kamida ikki nafar xolis tomonidan imzolanadigan dalolatnomada qayd etiladi.
