52-modda. Homiylik xayriyalarini yigʻish
Homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-96-son) · Sana: 02.05.2007 · Amalda
Homiylik xayriyalarini yigʻish muayyan homiylik oluvchilarning manfaatlarini koʻzlab, oldindan eʼlon qilingan muddat davomida amalga oshiriladi.
Homiylik xayriyalari homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan oʻz bank hisobvaraqlariga pul mablagʻlarini oʻtkazish orqali, naqd pul yoki mol-mulk shaklida yigʻilishi mumkin.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yigʻish faqat xayriya qutisi yordamida amalga oshiriladi, bundan naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini ularning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazish hollari mustasno.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yigʻilgan taqdirda, qabul qilib olingan mol-mulk roʻyxati shakllantirilib, mol-mulkning turi, miqdori (hajmi) koʻrsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.
Homiylik xayriyalarini yigʻish jarayoni boshlanishidan kamida bir kun oldin homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar homiylik xayriyalarini yigʻish shakllariga qarab, ular yigʻiladigan bank hisobvaraqlari, xayriya qutilari joylashtiriladigan va mol-mulk yigʻiladigan manzillar, homiylik xayriyalarini yigʻishning maqsadi, muddatlari, zarur boʻlgan pul mablagʻining (mol-mulkning) miqdori toʻgʻrisida va homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar bilan bogʻlanish uchun maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoki oʻz rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qiladi.
Homiylik tashkilotlari va homiylikni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar yigʻilgan homiylik xayriyalari miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotni homiylik xayriyalari yigʻish jarayoni tugagach bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida yoki oʻz rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qiladi.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar yigʻilgan homiylik xayriyalaridan homiylik maqsadlarida foydalanilganligi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotni tegishli soliq hisobotida aks ettirishi shart.
Jismoniy shaxs homiylik xayriyalarini faqat oʻzi yoki yaqin qarindoshlari (ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukasi va opa-singillari, eri (xotini), farzandi, shu jumladan farzandlikka olingan bolalari, bobosi, buvisi, nevaralari, shuningdek erning (xotinning) ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari) uchun oʻz bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga pul oʻtkazish orqali, naqd pul yoki mol-mulk shaklida yigʻishga haqli.
