4-modda. Homiylik maqsadlari
Homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-96-son) · Sana: 02.05.2007 · Amalda
Homiylik quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
fuqarolarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish, shu jumladan aholining ijtimoiy jihatdan muhofaza qilinmagan va kam taʼminlangan toifalarining moddiy ahvolini yaxshilash, oʻz jismoniy yoki intellektual xususiyatlari, boshqa holatlar sababli mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan hamda qonuniy manfaatlarini himoya qila olmaydigan ishsizlarni, nogironligi boʻlgan shaxslarni va boshqa shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish;
xalqlar oʻrtasida tinchlik, doʻstlik va totuvlikni mustahkamlashga koʻmaklashish;
oilaning jamiyatdagi nufuzi va rolini mustahkamlashga koʻmaklashish;
onalik, bolalik va otalikni himoya qilishga koʻmaklashish;
taʼlim, fan, madaniyat, sanʼat, maʼrifat sohasidagi faoliyatga, shuningdek shaxsning maʼnaviy kamol topishiga koʻmaklashish;
kasalliklar profilaktikasi va fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasidagi faoliyatga, shuningdek sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga koʻmaklashish, fuqarolarga maʼnaviy-ruhiy yordam koʻrsatish;
jismoniy tarbiya va ommaviy sport sohasidagi faoliyatga koʻmaklashish;
aholini tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar oqibatlarini bartaraf etishga, baxtsiz hodisalarning oldini olishga tayyorlash;
terrorchilik harakatlari, tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar natijasida jabrlanganlarga yordam koʻrsatish;
atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish.
Qonunchilikka muvofiq homiylik boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Tijorat tashkilotlariga, siyosiy partiyalarga va harakatlarga pul mablagʻlari hamda boshqa moddiy mablagʻlar berish, oʻzga shaklda yordam koʻrsatish, shuningdek ularni qoʻllab-quvvatlash homiylik hisoblanmaydi.
Saylovoldi tashviqoti va referendumga qoʻyilgan masalalar boʻyicha tashviqot maqsadida homiylik qilish taqiqlanadi.
Qonunga zid boʻlgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.
