3-modda. Asosiy tushunchalar
Homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-96-son) · Sana: 02.05.2007 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
koʻngillilar — homiylik oluvchining yoxud homiylik tashkilotining manfaatlarini koʻzlab bepul ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish shaklidagi homiylikni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar;
xayriya qutisi — naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini yigʻish uchun moʻljallangan idish boʻlib, undan foydalanish huquqi homiylik tashkilotlariga, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslarga tegishli boʻladi;
homiylar — homiylikni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
homiylik (homiylik faoliyati) — yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik maqsadlarida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga mol-mulkni, shu jumladan pul mablagʻlarini qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ular uchun ishlar bajarishda, ularga xizmatlar koʻrsatish va ularni boshqacha shaklda qoʻllab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy begʻaraz yordami (faoliyati);
homiylik oluvchilar — homiylik oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
homiylik subyektlari — homiylar, koʻngillilar, homiylik tashkilotlari, shuningdek homiylik oluvchilar;
homiylik tashkiloti — homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun tuzilgan nodavlat notijorat tashkiloti;
homiylik xayriyalari — homiylik maqsadlariga yoʻnaltiriladigan mol-mulk, shu jumladan pul mablagʻlari.
