9-modda. Vazirlar Mahkamasining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan munosabatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida (818-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolati doirasida:
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishni taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilishini talab kiladigan masalalar boʻyicha takliflarini koʻrib chiqadi, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining bajarilishini nazorat qiladi, ularni bajarish yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini taklif etish va ularning axborotini tinglashga haqlidir;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi, bundan kelib chiqadigan nizoli masalalarni hal etadi;
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat apparatining soni va namunaviy tuzilmasini belgilaydi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlarini toʻxtatib qoʻyish va bekor qilishga haqlidir.
