10-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rivojlantirish sohasidagi asosiy vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida (818-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqaradi: mulkchilikning barcha shakllarini uygʻunlashtirish va ularning tengligi, iqtisodiyotni monopoliyalashtirishdan chiqarish, bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini roʻyobga chiqarish asosida erkin tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratadi;
xoʻjalik yuritishning yangi shakllari — konsernlar, konsorsiumlar, tarmoqlararo birlashmalar, turli uyushmalar va boshqa ana shunday tashkilotlarni barpo etishga va mustahkamlashga koʻmaklashadi, xalq xoʻjaligi va aholi talablarini qondirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda ular faoliyatini yoʻnaltiradi va muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi, yagona narx siyosatini oʻtkazish, mehnatga haq toʻlash miqdorining belgilangan kafolatlarini va ijtimoiy taʼminot darajasini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
respublika budjetini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini va eng muhim dasturlarini ishlab chiqishni va ularning ijrosini tashkil etadi;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
fan va texnikani rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnat qilish huquqini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi, ijtimoiy taʼminot tizimini takomillashtiradi;
sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi, madaniyatni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qudratini oshirish, davlat chegaralarini qoʻriqlashni taʼminlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari va erkinligini taʼminlash va himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
davlat boshqaruv organlarining tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini birgalikda oʻtkazish hamda respublika va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi, katta avariyalar va falokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini koʻradi;
