48-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (29-I-son) · Sana: 06.05.2005 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillari lavozimlariga tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Senatga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisini, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisini, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi masalani Senat oʻzining navbatdagi majlisida koʻrib chiqadi. Bu masalalar yuzasidan qarorlar Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Senatning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisini, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisini, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash yoki ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi qarorlari mazkur qarorlar qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillari lavozimlariga tayinlash uchun taqdim etilgan nomzodlar ovoz berish paytida Senat aʼzolari ovozlarining yetarli sonini ololmasalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Senat koʻrib chiqishi uchun shu nomzodlarni qaytadan taqdim etishi mumkin. Agar ular qayta rad etilsa, Senat koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan boshqa nomzodlar taqdim etiladi.
