24-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (29-I-son) · Sana: 06.05.2005 · Amalda
Senatga kelib tushgan qonun roʻyxatga olinadi va Senat Raisi tomonidan qonunni dastlabki tarzda koʻrib chiqadigan hamda uning yuzasidan xulosa tayyorlaydigan qoʻmitaga (bundan buyon matnda masʼul qoʻmita deb yuritiladi) topshiriladi.
Senat qoʻmitalarining qonun muhokamasiga bagʻishlangan majlislari ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganda Senat qoʻmitalari yopiq majlis oʻtkazish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Qoʻmitalarning majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning namoyandalari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlari, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif etilishi mumkin.
Kelib tushgan takliflarni masʼul qoʻmita qonun yuzasidan xulosa tayyorlayotganda umumlashtiradi.
Masʼul qoʻmitaning xulosasida qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisidagi tavsiya ifodalangan baho boʻlishi kerak. Qonunni rad etish zarurligi toʻgʻrisidagi xulosada masʼul qoʻmitaning qonunni rad etish zarur deb hisoblashining vajlari bayon etilishi lozim. Masʼul qoʻmitaning xulosasi Senat Kengashiga taqdim etiladi, Kengash qonunni Senat majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish-kiritmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
