7-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muvaqqat reglamenti toʻgʻrisida (30-I-son) · Sana: 15.03.2005 · Amalda
Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning Qonunchilik palatasi sessiyalari davrida, qoida tariqasida, haftasiga uch marta oʻtkaziladigan majlislaridir.
Navbatdagi sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab, kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlislari uning sessiyalari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri taklifiga yoki Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislari, qoida tariqasida, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasining Kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) muntazam yigʻilib turadi. Kengash va Qonunchilik palatasi deputatlar birlashmalarining (bundan buyon matnda deputatlar birlashmalari deb yuritiladi) navbatdagi majlislari, qoida tariqasida, dushanba kunlari oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasining qoʻmitalari (bundan buyon matnda qoʻmitalar deb yuritiladi), qoida tariqasida, juma kunlari majlis oʻtkazadi.
Noyabr, fevral va may oyining har oxirgi toʻliq haftasi deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan ishlashi uchun moʻljallanadi.
Qonunchilik palatasining majlislari vaqtida qoʻmitalar, Qonunchilik palatasi komissiyalari (bundan buyon matnda komissiyalar deb yuritiladi), deputatlar birlashmalarining majlislari oʻtkazilmaydi, shuningdek deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan olib boradigan ishlari toʻxtatiladi.
